Iqtisod
AQSH Mehnat vazirligi Oʻzbekiston paxta sanoatida mehnat sharoitlarini yaxshilash hamda majburiy va bolalar mehnatining oldini olish uchun 2 million dollarlik hamkorlik bitimi imzolanganini eʼlon qildi.
Moliyalashtirish Oʻzbekiston paxta korxonalari salohiyatini xalqaro mehnat standartlari va munosabatlariga moslashtirishga qaratilgan.
“Oʻzbekistonning mehnat standartlariga sodiqligi va qoidalarga boʻysunishi, mamlakatda yetishtirilgan paxtadan foydalanish va unga sarmoya kiritishga xalqaro qiziqishni jonlantirdi. Ushbu iqtisodiy oʻsish imkoniyatlaridan foydalanish uchun ish beruvchilar munosib mehnat sharoitlarini taʼminlashi va ishchilarning ovozi va huquqlarini hurmat qilishi kerak. Shu bilan birga, ishchilarga mehnat amaliyotini qonuniy himoya qilish va mehnat qonunchiligiga rioya qilish tizimlarida ishtirok etish uchun vositalar kerak boʻladi”, – dedi mehnat vazirining tashqi ishlar boʻyicha oʻrinbosari Tea Li.
Oʻzbekiston paxta yetishtirish boʻyicha dunyoda oltinchi oʻrinda turadi va yiliga 1 million tonnadan ortiq paxta yetishtiradi, deyiladi hisobotda. Uning yillik yigʻimi 2 millionga yaqin ishchini ish bilan taʼminlaydi, AQSH Mehnat vazirligi hisob-kitoblariga koʻra, paxta terimi dunyodagi eng katta mavsumiy mehnat safarbarligi hisoblanadi. Bunda ishchilarning qariyb yarmi oʻzlarining yillik daromadlarini terimdan oladilar.
Loyiha AQSHning mehnat huquqlari sohasidagi eng yirik nodavlat notijorat tashkiloti boʻlgan – “Birdamlik markazi” (Solidarity Center), AQSH Savdo palatasi filiali hamda Milliy demokratik jamgʻarmaning toʻrtta asosiy institutidan biri boʻlgan Xalqaro xususiy tadbirkorlik markazi (Center for International Private Enterprise) ishtirokida amalga oshiriladi.
Eslatib oʻtamiz, sentyabr oxirida AQSH oʻzbek paxtasini bolalar va majburiy mehnat orqali ishlab chiqarilgan tovarlar roʻyxatidan chiqardi. Buning natijasida AQSHga paxta eksporti uchun yangi imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda. Biroq, mamlakatda ipak pilla yetishtirishda hamon majburiy mehnat qoʻllaniladi, deya xabar beradi AQSH mehnat vazirligi.
Joriy yilning mart oyida Cotton Campaign koalitsiyasi Oʻzbekiston paxtasiga boykotni bekor qildi. Mazkur qaror 2021-yilda mamlakatda paxta yigʻim terimida bolalar mehnati va majburiy mehnatga yoʻl qoʻyilmagani munosabati bilan qabul qilindi. Ilk bor oʻzbek paxtasiga 2009-yilda boykot eʼlon qilingandi.
Siyosat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q