Jamiyat
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” 8 ta yangi yoʻnalishda temiryoʻl qatnovlari tashkil etish rejalashtirilayotganini maʼlum qildi. Buning uchun 34 ta zamonaviy elektropoyezdlar xarid qilinadi.
Taʼkidlanishicha, shu maqsadda zamonaviy elektropoyezdlar sotib olish boʻyicha xalqaro tender eʼlon qilingan. Mazkur tender elektropoyezdlarga texnik xizmat koʻrsatish uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalarni yetkazib berish, shuningdek, kadrlar tayyorlashni ham nazarda tutadi.
Hozirda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” Stadler, Skoda, Talgo, Hyundai, CAF, Siemens, Alstom, Hitachi, Pesa, CRRC-Dalian kabi dunyoning eng ilgʻor kompaniyalari bilan muzokaralar olib bormoqda.
Bu Oʻzbekistonda turizm salohiyatini yanada rivojlantirish, mahalliy va xorijiy sayyohlarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish, temiryoʻl transportida yoʻlovchilarga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini zamon talablari darajasida yangi bosqichga olib chiqish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Zamonaviy elektropoyezdlar xarid qilinishi natijasida quyidagi 8 ta yangi yoʻnalishda temiryoʻl qatnovlari tashkil etilishi koʻzda tutilgan: Toshkent–Jizzax–Toshkent, Toshkent–Keles–Toshkent, Navoiy–Buxoro–Navoiy, Samarqand–Jizzax–Samarqand, Samarqand–Shahrisabz–Samarqand, Samarqand–Qarshi–Samarqand, Andijon–Xonobod– Andijon, Nukus–Xiva–Nukus.
Yangi yoʻnalishlarda temiryoʻl qatnovining yoʻlga qoʻyilishi natijasida bir yilda 5 million 925 ming 500 nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatiladi.
Shuningdek, Toshkent–Hojikent–Toshkent, Toshkent–Angren–Toshkent, Namangan–Andijon–Namangan, Qoʻqon–Andijon–Qoʻqon, Toshkent–Guliston–Toshkent, Toshkent–Bekobod–Toshkent, Termiz–Sariosiyo–Termiz, Qarshi–Buxoro–Qarshi, Buxoro–Xiva–Buxoro, Samarqand–Buxoro–Samarqand kabi 10 ta mavjud yoʻnalishlarda esa qoʻshimcha poyezdlar qatnovi yoʻlga qoʻyiladi.
Yangi yoʻnalishlarda poyezdlar harakatining yoʻlga qoʻyilishi va mavjud yoʻnalishlarda qoʻshimcha qatnovlarning tashkil etilishi orqali bir yilda jami 22 mln 473 ming 500 nafar yoʻlovchiga sifatli xizmat koʻrsatishga erishiladi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q