Jamiyat
“Sifatli davlat boshqaruvi” dasturining tanlov natijalariga ko‘ra, Adliya vazirligi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha eng namunali vazirlik nominatsiyasida g‘olib deb topildi.
Vazirlik qisqa vaqt ichida zamonaviy, ochiq va raqamli adliya institutiga aylandi. Bugungi kunda vazirlik 30 ta platforma orqali 380 ta to‘liq raqamlashtirilgan xizmatlarni ko‘rsatmoqda. 780 dan ortiq xizmatdan onlayn foydalanish mumkin. 208 ta davlat xizmatlari markazidan iborat tarmoq butun mamlakat bo‘ylab yagona standartni ta’minlamoqda.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi resurslarni boshqarish bo‘yicha eng namunali vazirlik sifatida e’tirof etildi.
Mazkur idora mas’uliyatli, shaffof va tejamkor xo‘jalik yuritishning yorqin namunasiga aylandi. Ajratilgan har bir so‘m yangi konlarni qidirib topish va sohani rivojlantirishga sarflandi. Geologiya-qidiruv ishlarida suv sarfi 20 foizga qisqartirildi. Budjet rejalari 2028-yilga qadar oldindan tuzib chiqilgan. Asosiy konchilik uskunalarini mahalliylashtirish darajasi 84 foizga yetkazildi.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatishdagi ijobiy natijalari uchun Ichki ishlar vazirligi eng namunali deb tan olindi.
Bugungi kunda vazirlik 60 ga yaqin xizmat turini ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ularning 95 foizi to‘liq raqamli shaklda taqdim etilayotgani diqqatga sazovor. Ilgari tarqoq bo‘lgan 72 ta ma’lumotlar bazasi yagona “Xavfsiz shahar” tizimiga birlashtirilib, unga 14 ta boshqaruv markazi va 20 dan ziyod vazirlik ulangan. O‘tgan yili 148 mingdan ortiq ma’muriy ish masofaviy tarzda ko‘rib chiqildi va odamlarning idorama-idora sarson bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmadi. Vazirlik zamonaviy davlat xizmatlarini inson uchun yaratilgan qulaylik bilan o‘lchanishini amalda ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, tanlov doirasida Tog‘-kon va geologiya vazirligi boshqarma boshlig‘i Maqsud Bolibekov eng namunali rahbar xodim; Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bo‘lim boshlig‘i Fazliddin Mo‘minov eng namunali ma’muriy xodim; “O‘zatom” agentligi bosh mutaxassisi Shoxmirzo Umarov eng namunali mutaxassis xodim; Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri maslahatchisi Ummatoy Yo‘ldosheva eng namunali ayol xodim; Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi loyiha ofisi rahbari Akbarxon Sobirxonov eng namunali iste’dodli yosh xodim; Adliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i Mirsaid Raxmatov inson resurslari bo‘yicha eng namunali xodim sifatida g‘olib bo‘ldi.
Prezidentimiz barcha g‘oliblarning lavozimlarini bir pog‘ona ko‘tarib, rahbar kadrlar zaxirasiga kiritishni taklif qildi. Ularning teran fikrlashi, o‘z ustida doimiy ishlashi, mehnat faoliyatiga innovatsion yondashuvlarni joriy qilishi boshqalar uchun o‘rnak ekani ta’kidlandi.
“Bugungi tadbirda yaxshi natija ko‘rsatganlarni e’tirof etyapmiz. Biroq kelgusi safardan boshlab ro‘yxatning oxirida qolgan davlat idoralari nomini ham ochiq aytamiz.
Faoliyatida jiddiy kamchiliklar ko‘zga tashlanayotgan, samaradorlik va xizmat sifati bo‘yicha oqsayotgan tashkilotlar bundan o‘ziga jiddiy xulosa chiqarishi kerak”, dedi Prezident.
Davlat rahbari “Sifatli davlat boshqaruvi” dasturi har ikki yilda o‘tkazilib, kelgusi bosqichdan unda mahalliy hokimliklar ham ishtirok etishini ma’lum qildi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
112356
Jamiyat
95021
Jamiyat
91207
Jamiyat
75924
Jamiyat
//
Izoh yo‘q