Oʻzbekistonlik yosh olimlar Vengriyaga stajirovkaga boradi

Saqlash
16:30 / 05.10.2022 875 0

4-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Vengriyaga rasmiy tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov va Vengriyaning tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto bilan ikki davlat oʻrtasida ilm-fan va texnologiyalar sohasida aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan Yoʻl xaritasini imzoladilar.

 

Unga koʻra, umumiy qiymati 2 million yevro qiymatidagi Oʻzbekiston-Vengriya qoʻshma startap loyihalar tanlovining ikkinchi bosqichini yakuniga yetkazish, shuningdek umumiy qiymati 2 mln yevro boʻlgan Oʻzbekiston-Vengriya qoʻshma startap loyihalar tanlovining uchinchi bosqichini tashkil etish belgilangan.

 

Bundan tashqari, 2023-yili qoʻshma ilmiy loyihalar tanlovning 2-bosqichi eʼlon qilinishiga kelishildi. Aynan shu yili qishloq xoʻjaligi sohasida tadqiqotlar olib borayotgan yosh olimlarni Vengriya Qishloq xoʻjaligi va tabiiy fanlar universitetiga stajirovkaga joʻnatiladi.

 

Shuningdek, doktoranturada oʻqiyotganlar uchun Vengriyaning “Hungaricum“ grant dasturi boʻyicha qoʻshimcha kvotalar ajratiladi. ”Stipendium Hungaricum” grant dasturi boʻyicha esa jismoniy tarbiya va sport sohalaridagi izlanuvchilarga taʼlim dasturi taklif etiladi. Etvosh Loran nomidagi ilmiy-tadqiqot tarmogʻi bilan hamkorlikda Vengriyaning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalarining laboratoriyalarida ilmiy izlanishlar olib borish maqsadida stajirovkalar tashkil etiladi. Yadro energetikasi sohasida yosh olimlarning tajribasini orttirishga, stajirovkalariga alohida eʼtibor qaratiladi.

 

Yoʻl xaritasida oʻz navbatida Fargʻona davlat universiteti va Vengriya qishloq xoʻjaligi va tabiiy fanlar universiteti oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlash ham oʻrin olgan.

 

Eslatib oʻtamiz, Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov Vengriyaning Obuda universiteti faxriy professori ham hisoblanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//