Oʻzbekistonda oilalarning baxtlilik darajasi oʻrganiladi

Saqlash
20:44 / 04.10.2022 711 0

Oʻzbekistonda oilalarning baxtlilik indikatori ishlab chiqiladi.

 

Bu boradagi norma joriy yilning 7-martda qabul qilingan “2022–2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish” boʻyicha Prezidentning tegishli farmoni bilan qabul qilingan Milliy dasturda belgilab qoʻyilmoqda.

 

Jumladan, Milliy dasturning 89-bandida “Oilalarning baxtlilik darajasini aniqlash orqali ular bilan yakka tartibda ishlash, nizoli vaziyatlarni erta aniqlash hamda yakka tartibli yondashuvni tizimli yoʻlga qoʻyish maqsadida xalqaro baxtlilik indikatorlarini oʻrganish hamda oilalarning baxtlilik indikatorini ishlab chiqish” maqsadi qayd etilib, ayni vaqtda “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan ushbu masalani oʻrganuvchi ishchi guruh tarkibi shakllantirilgan.

 

Qayd etilishicha, unda xalqaro baxtlilik indikatorlari hamda Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy, Butan Qirolligi, Indoneziya, Malayziyada joriy qilingan indekslar tahlil qilindi. Tahlil va oʻrganishlar natijasida oilalarning baxtlilik indikatorlari aniqlandi. Bunda oʻzbek millatining xarakteri va turmush darajasidan kelib chiqib subyektiv va obyektiv baxt koʻrsatkichlari inobatga olindi.

 

Indikatorlarni oilalarning baxtlilik darajasini aniqlashda muhimligi va amaliyotda samaradorligini aniqlash maqsadida Fargʻona viloyatida tajriba sinov oʻtkazildi. Barcha tahlil va tajriba sinov natijalari asosida oilalarning baxtlilik darajasini belgilovchi indikatorlarni joriy qilish boʻyicha takliflar tayyorlandi va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//