NASAning xalqaro tanlovida O‘zbekiston nomidan uchta jamoa ishtirok etadi

Saqlash
23:14 / 03.10.2022 799 0

1−2 oktabr kunlari Toshkentdagi «INNO Texnopark» binosida ilk bora NASA tomonidan 2012 yildan beri o‘tkazib kelinadigan xakaton bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «O‘zbekkosmos» agentligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

 

Ikki kun davomida o‘zbekistonlik yoshlari kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida bilim, salohiyat va qobiliyatlarini sinovdan o‘tkazdi.

 

«Loyihaning asosiy maqsadi bu NASAning ochiq ma’lumotlaridan foydalangan holda ishtirokchilar kosmosning eng dolzarb bo‘lgan muammolarini yangicha yondashuv va qarash bilan yechim topishdan iborat. Bu orqali keng jamoatchilik orasida fazoviy bilimlarga bo‘lgan qiziqishni orttirishdir. Xakaton davomida jamoalar kosmik tadqiqotlar missiyalarini targ‘ib qilish va yerdagi hayotni yaxshilash muammolarini hal qilishda o‘z qarashlarini loyihalari orqali namoyon etdi», – deyiladi xabarda.

 

Musobaqa natijalariga ko‘ra, hakamlar hay’ati tomonidan uchta g‘olib va qo‘shimcha ravishda ikkita rag‘batlantiruvchi sovringa ega bo‘lgan jamoalar va xakatonning eng yoshi kichik bo‘lgan ishtirokchilarga homiylar tomonidan sovg‘alar topshirildi.

 

Unga ko‘ra:

 

  • «Eng yaxshi ilmiy-texnik loyiha»si yo‘nalishi – «COSMOTEAM» va «Power sun limit» jamoalari;
  • «Eng yaxshi ta’lim loyihasi»si yo‘nalishi – «Team Zero» jamoasi;
  • «Yosh kosmik muhandislar»si yo‘nalishi – Aleksey Kramer, Vladimir Soy, Saiddiyor Sobirov.

 

Xakatonda g‘olib bo‘lgan uchta jamoa «SpaceY», «Astrea» va «AvacadOS» O‘zbekiston nomidan NASAning xalqaro tanlovida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

 

Eslatib o‘tamiz, mazkur tadbir «O‘zbekkosmos» agentligi, NASA, O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, «Sehriyo» xususiy ta’lim maktabi, «INNO Texnopark», «Universal bank» va «International Digital University» hamkorligida tashkil etildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//