“Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva Buxorodagi maktablarda ichimlik suvi holati bilan tanishdi

Saqlash
21:09 / 29.09.2022 1119 0

“Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva Buxoroning Romitan va Shofirkon tumanlaridagi maktablarga, shuningdek, 123-son ixtisoslashtirilgan maktab-internatga tashrif buyurdi.

 

Foto: “Zamin” fondi

 

Fond matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, birinchi xonim Romitan va Shofirkon tumanlaridagi maktablarda “Buxoro viloyati umumtaʼlim maktablarida suv taʼminoti, sanitariya va gigiyena” loyihasining natijalari bilan tanishdi hamda oʻquvchilar bilan suvdan oqilona foydalanish, sanitariya va gigiyenaning sogʻlom turmush uchun ahamiyati haqida suhbatlashdi.

 

Bugungi kunda viloyatning 16 ta maktabida quduqlardan suv bilan taʼminlash, suvni filtrlash va xavfsiz ichimlik suvi darajasigacha chuchuklashtirish tizimlari oʻrnatilgan. Suv taʼminoti va kanalizatsiyaning ichki va tashqi muhandislik tarmoqlari, hojatxona va dush xonalari qurilgan. Shuningdek, oqova suvlarni sugʻorma suv darajasigacha biologik tozalash tizimlari oʻrnatilgan.

 

Foto: “Zamin” fondi

 

Foto: “Zamin” fondi

 

Maktablar joylashgan hududlar aholisi ham toza va xavfsiz ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatiga ega boʻldi.

 

Loyihaning navbatdagi bosqichi uchun Buxoro viloyatidagi yana 15 ta maktab tanlab olingan. Ushbu loyiha BMT Bolalar fondi (UNICEF), “Oʻzsuvtaʼminot” AJ, Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

 

Buxorodagi 123-son ixtisoslashtirilgan maktab-internatda esa Ziroat Mirziyoyeva oʻquvchilar bilan samimiy suhbatlashdi. Bolalar oʻz yutuqlari haqida soʻzlab berdi.

 

Foto: “Zamin” fondi

 

Ularni ekologiya mavzusiga qiziqtirish uchun mehmonlar Zamin Eco education oʻquvchilari bilan birgalikda daraxt ekish aksiyasini oʻtkazdi. Tadbir davomida “aqlli sugʻorish” tizimi namoyish etildi.

 

Foto: “Zamin” fondi

 

Havo harorati va namlik darajasini oʻlchaydigan datchiklar tufayli sugʻorish uchun kerakli suv hajmi hisoblab chiqiladi. Ushbu tizim bilan tanishuv orqali maktab oʻquvchilariga suvni tejash naqadar muhimligi tushuntirildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//