Oʻzbekistonda chaqaloqlar oʻlimi koʻpaygani aytilmoqda

Saqlash
20:29 / 29.09.2022 967 0

Oʻzbekistonda 2021-yilda goʻdaklar oʻlimi soni 7 ming 214 tani tashkil etib, 2020-yilga nisbatan 160 taga oshgan. Bu haqda 28-sentyabr kuni oʻtkazilgan Oliy Majlis Senati kengashi yigʻilishida maʼlum qilindi.

 

Yigʻilishda reproduktiv salomatlikni saqlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish masalalari muhokama qilindi. Senat raisi Tanzila Norboyeva tizimdagi asosiy muammolarga toʻxtalib oʻtdi.

 

Reproduktiv salomatlikni saqlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish ishlari hamisha dolzarb muammo hisoblanadi. Ayollar va bolalarga malakali, ixtisoslashtirilgan yuqori texnologik tibbiy yordam koʻrsatish borasida qilinayotgan ijobiy ishlar bilan birgalikda, sohada koʻpgina kamchiliklar ham kuzatilmoqda. Jumladan, 2021-yilda goʻdaklar oʻlimi 7 ming 214 tani tashkil etgan boʻlib, 2020-yilga nisbatan 160 taga oshgan.

 

Albatta, faqat tanqid qilish emas, sohadagi muammolar salbiy oqibatlarini ular kelib chiqqanidan avval bartaraf etish yuzasidan yechimlar berish zarur. Reproduktiv salomatlik darajasiga jiddiy taʼsir koʻrsatuvchi omil – yaqin qarindoshlar oʻrtasidagi nikoh borasida fuqarolarimizga taqiqlar qoʻyish bilan hech narsaga erishmaymiz. Aksincha, insonlarning shaxsiy hayot erkinligi doirasiga daxl qilib qoʻyamiz. Shu sababli yaqin qarindoshlar oʻrtasidagi nikohlarning salbiy oqibatlari borasida aholimiz oʻrtasida tushuntirish, tashviqot ishlarini kuchaytirish zarur.

 

Aslida reproduktiv salomatlik masalasidagi muammolarni hal etishda insonni kamol topishi, taʼlim olishi jarayonida ishtirok etuvchi barcha muttasadi idoralar — Maktabgacha taʼlim va Xalq taʼlimi vazirliklari faol boʻlishi shart. Aynan maktabdan boshlab salomatlik darslari yoʻlga qoʻyilishi, uning doirasida esa gigiyena, reproduktiv salomatlik va farzandalarimizning kelajak turmushida muhim boʻlgan boshqa masalalar oʻqitilishi zarur.

 

Tanzila Norboyeva, Senat raisi.

 

Majlisda hududlarda 2018–2022-yillarda bolalarda tugʻma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturi ijrosi boʻyicha qator kamchiliklar mavjud ekanligi qayd etildi.

 

Shuningdek, homilador, tugʻuvchi, tuqqan ayollar va yangi tugʻilgan chaqaloqlarga koʻrsatiladigan tibbiy yordam sifatini yaxshilash maqsadida respublikadagi tugʻruqqa yordam beruvchi muassasalarning moddiy-texnika bazasini xalqaro standartlarga muvofiq mustahkamlash va zarur dori vositalari bilan taʼminlash masalasi toʻliq bajarilmagani taʼkidlandi.

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//