Ilm-fan
27 sentabr kuni Toshkentda Xalqaro qishloq xoʻjaligi universiteti (IAU) binosi ochildi. Universitet Qishloq xoʻjaligi vazirligi tashabbusi bilan 1845-yildan beri mavjud boʻlgan Buyuk Britaniya Qirollik qishloq xoʻjaligi universiteti (Royal Agriculture University) bilan hamkorlikda tashkil etildi. Bu haqida Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi universitet ochish rejalaci birinchi marta oʻtgan yili eʼlon qilingan edi. May oyida Oʻzbekiston prezidenti universitet faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarorni imzoladi. Universitet Toshkent agrar universiteti hududida joylashgan. Kelgusida u uchun alohida kampus quriladi.
Ilk oʻquv yilida 160 nafar talaba qabul qilindi. Oʻqitish ham toʻlov-shartnoma, ham grant asosida olib boriladi. Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, barcha birinchi kurs talabalari grant asosida oʻqishga qabul qilingan.
Qirollik qishloq xoʻjaligi universiteti prorektori Piter Makkafferi ochilish marosimida soʻzga chiqib, universitetning tashkil etilishi Oʻzbekiston va butun Markaziy Osiyo qishloq xoʻjaligida yangi davrni ochishiga ishonch bildirdi.
“1845-yildan beri Qirollik universiteti qishloq xoʻjaligi, innovatsiya va tadbirkorlik sohalarida mutaxassislar tayyorlab kelmoqda. Universitetimizning shiori – „Dalalar va jonivorlarga gʻamxoʻrlik qilish“. Biz butun dunyo boʻylab yerlar boshqaruvi va qishloq xoʻjaligi taʼlimini rivojlantirishga oʻz hissamizni qoʻshib kelmoqdamiz”, – dedi u.
“Universitetimizda ilm-fanning ilgʻor yutuqlari asosida turli yoʻnalishlar boʻyicha mutaxassislarga bilim beramiz. Oʻylaymizki, talabalar olgan bilimlarini oʻz ishlarida qoʻllay oladi va zamonamizning global muammolari, jumladan, iqlim oʻzgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi, pandemiya oqibatlari va boshqa koʻp muammolarni hal qilishga hissa qoʻshadi”, — dedi Xalqaro qishloq xoʻjaligi universiteti rektori Munira Aminova.
Oʻquv jarayoniga qoʻyiladigan dastur va talablar Qirollik qishloq xoʻjaligi universiteti tomonidan belgilanadi. Bitiruvchilarga Britaniya universiteti diplomi beriladi.
Universitetda agronomiya, agroiqtisodiyot, agrologiya, biotexnologiya, aqlli qishloq xoʻjaligi, chorvachilik va oziq-ovqat xavfsizligi yoʻnalishlari boʻyicha oʻquv dasturlari joriy etilgan. Oliygoh talabalarga zamonaviy kasblar boʻyicha xalqaro darajaga ega boʻlish imkonini beradi. Ular orasida: oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha menejer, eksport va import mutaxassisi, qishloq xoʻjaligida kompyuter texnologiyalari muhandisi va boshqalar bor.
Talabalar bilimlarini amaliyotda qoʻllashlari uchun boʻlajak ish beruvchilar universitet, jumladan, klasterlar, savdo kompaniyalari va hududiy markazlar bilan hamkorlik qilishga taklif etiladi.
Jamiyat
Siyosat
Siyosat
Siyosat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q