Oʻzbekistonda yana bir yangi jamgʻarma tashkil etiladi

Saqlash
17:09 / 28.09.2022 617 0

Oʻzbekiston davlat xususiy sheriklik loyihalarini rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etiladi. Bu haqida Moliya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, bosh vaziri oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri Jamshid Qoʻchqorov Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) birinchi vitse-prezidenti Yurgen Rigterink boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv oʻtkazgan.

 

Uchrashuvda YETTBning Markaziy Osiyo boʻyicha boshqaruvchi direktori Jujanna Hargitai, bankning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Alkis Drakinos, bosh kotibi Kaxugiho Koguchi hamda komplayens nazorat boʻlimi rahbari Bernd Traksler ishtirok etgan.

 

Shuningdek, uchrashuvda moliya vaziri Timur Ishmetov, Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov hamda Davlat xususiy sherikligini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Zokir Bozorov ham qatnashgan.

 

Uchrashuv doirasida YETTB hamda Moliya vazirligi va Davlat xususiy sherikligini rivojlantirish agentligi oʻrtasida Oʻzbekiston davlat xususiy sheriklik loyihalarini rivojlantirish jamgʻarmasini tashkil etish yuzasidan mandat bitimi imzolangan.

 

Tomonlar kichik va oʻrta tadbirkorlik sohasini rivojlantirish, raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish hamda ushbu sohadagi oʻzaro hamkorlik aloqalari yuzasidan fikr almashgan.

 

Uchrashuv davomida davlat banklari va davlat korxonalarini xususiylashtirish, dekorbonizatsiya va yashil oʻsish, xususan, yashil iqtisodiyotga oʻtish, metan emissiyasini kamaytirish, yashil shaharlarni tashkil etish, shuningdek, kapital bozorini rivojlantirish, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar, shu jumladan, energetika, taʼlim va transport sohasida davlat xususiy sherikligi asosida amalga oshirilayotgan loyihalar, togʻ-kon sanoatini rivojlantirish masalalari muhokama qilingan.

 

Yakunda esa tomonlar oʻzaro aloqalarni rivojlantirish hamda yuqoridagi masalalar yuzasidan hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib olgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish