Qahramon Rajabov tavalludining 60 yilligiga bagʻishlangan ilmiy yigʻini boʻlib oʻtdi

Saqlash
15:09 / 27.09.2022 1096 1

Kuni kecha, 26-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi katta yigʻingohida Tarix instituti bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori, professor Qahramon Rajabov tavalludining 60 yilligi munosabati bilan "Turkistonda milliy ozodlik harakatlari tarixi (XIX asr oʻrtalari – XX asr 30 yillari)” ellararo ilmiy yigʻini boʻlib oʻtdi.

 

Yigʻinda Oʻzbekiston va xorij olimlari oʻz ilmiy maʼruzalari bilan chiqish qildi. Xususan, videomuloqot shaklida turkiyalik professorlar Temur Xoʻja, Ahat Andijon, qozogʻistonlik olim Hazratali Tursunlarning Buxoro amirligining agʻdarilishi, Turkistonda istiqlolchilik harakatlari va qoʻrboshilar taqdiri, bolsheviklarning ocharchilik va qatagʻon siyosatiga doir, Mashhura Darmonova va Feruz Boboyevlarning Turkistonda sovet hokimiyatiga qarshi milliy ozodlik harakatlari, mustabid sovet hokimiyatining oʻlkadagi yuritgan siyosati haqida maʼruzalari tinglandi.

 

Qahramon Rajabov 1962-yil 11-iyulda Buxoro viloyati Shofirkon tumani Savrak qishlogʻida dehqon oilasida tugʻilgan.  U 1989-yildan buyon 33 yil davomida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix institutida aspirantlikdan bosh ilmiy xodimlikkacha boʻlgan bosqichlarni bosib oʻtdi.

 

Qahramon Rajabov ilmiy faoliyati davrida ushbu muammolar tahliliga bagʻishlangan 120 dan ortiq kitoblar, jurnallar va gazetalarda 1300 dan ziyod ilmiy hamda ommabop maqolalar nashr etdi. Qahramon Rajabov «Ibrohimbek qoʻrboshi va safdoshlari faoliyati» (400 bet), «Oʻzbekiston SSRda sovet rejimining qatagʻon siyosati va uning oqibatlari (1917-1991-y.)” (400 bet), “Turkiston qoʻrboshilari” (288 bet), «Oʻzbekiston SSRda sovet boshqaruvining inqirozi. Mustaqillik Deklaratsiyasi hamda ozodlikning mashaqqatli yoʻli (1982-1992-y.)” (400 bet) monografiyalarini hamda shogirdi Murod Raxmatov bilan hammualliflikda «Turkistonda sovet hokimiyatining iqtisodiy siyosati va ocharchilik dahshatlari (1917-1924-y.)” (176 bet) kitobini nashr ettirdi.

 

Shuningdek, uning rahbarligida Oʻzbekiston tarixi ixtisosligi boʻyicha 2 nafar tarix fanlari doktori, 3 nafar tarix fanlari nomzodi, 20 nafar tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori PhD himoyalarni muvaffaqiyatli himoya qildi.

 

Olimning fan oldidagi xizmatlari munosib eʼtirof etilib, Azamat Ziyo masʼul muharrirligida “Qahramon Rajabov (Tavalludining 60 yilligiga bagʻishlanadi)” (2022), Dilnoza Jamolova va Asror Pardayev muharrirligida «Tarix ilmining qahramoni” armugʻon kitobi (2022), Sulaymon Inoyatov va Dilnoza Jamolova masʼul muharrirligida “Tarixchi olim Qahramon Rajabov ilmiy maktabi” (2022) kitoblari hamda Dilshod Rajabning «Qahramon qasidasi (Doston va sheʼr)” (2022), Ergash Ochilovning «Alp olimning moʻjizalari (Qahramon Rajabov haqida badiha)” (2022) asarlari nashr qilindi.

1 Izoh

Barchinoy

06:01 / 01.01.1970

bu maqola menga katta yordam berdi. rahmat sizga

Izoh qoldirish