Ilm-fan
Oliy toifali shifokor Shoira Abdusattorova yuqori shovqin inson umrini qisqartirishi mumkinligini maʼlum qildi va bu boradagi tavsiyalari bilan oʻrtoqlashdi.
“Uzoq muddat yuqori darajadagi tovush taʼsiri ostida boʻlish eshitish qobiliyati pasayishiga olib keladi. Masalan, hozirgi zamonaviy musiqa ishqibozi boʻlgan yoshlarning yigirma foizida eshitish qobiliyati sakson besh yoshli keksalar darajasiga tenglashib qolgan.
Baland tovush koʻz ravshanligi va uning reflektiv faoliyatini pasaytirishi ham aniqlangan. Qolaversa, yuqori chastotali shovqin asab tizimining zoʻriqishiga olib keladi. Oqibatda ichki toliqish va noxush kayfiyat yuzaga keladi. Bora-bora yurak faoliyatida buzilishlar kuzatiladi. Bu yurak-qon tomir kasalliklari, gipertenziya va hatto miokard infarktini keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli shovqin inson umrini qisqartiruvchi omil sifatida baholanadi”, — deydi Shoira Abdusattorova.
JSST (Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti) maʼlumotlariga koʻra, hozir dunyo boʻyicha 12—35 yosh oraligʻidagi 1 milliarddan ortiq yosh avlod vakillari eshitish qobiliyatini yoʻqotish xavfi ostida. Bunga aynan toʻyu tomoshalar, koʻngilochar tadbirlarda davomli ravishda baland ovozda musiqa eshitish sabab boʻlayotgani aytilmoqda.
Shovqin “detsibel” (dB) birligi yordamida oʻlchanadi. Odatda 20-30 dB shovqin inson salomatligi uchun zararsiz hisoblanadi. Biroq 80 dB va undan yuqori oʻlchov baland tovush hisoblanadi.
30 detsibeldan ortiq shovqin esa inson sogʻligʻini izdan chiqarishga qodir. 150 detsibel chidab boʻlmaydigan darajada ogʻriq paydo qilsa, 180 dB darajadagi shovqin hatto metall buyumlarni ham moʻrtlashtira oladi.
Shu sababli Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti oʻrtacha shovqinning maksimal darajasi 100 detsibeldan oshmasligi kerak deya tavsiya beradi.
Bundan tashqari, yoshlar shaxsiy audioqurilmalardan foydalanganda ham ovoz balandligini imkon qadar cheklashlari zarur. Toʻyu tantanalar, musiqa kechalari, konsertlarda esa quloqning qomatga kelishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadga muvofiq.
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q