O‘g‘il tug‘ilsa 100, qizga esa 50 dollar – kuyovga suyunchi berish odati qachon va qayerda paydo bo‘lgan?


Saqlash
08:02 / 16.02.2022 1232 0

 

Avvallari yangi mehmon dunyoga kelca, qand-qurs sochilar, xushxabar egasiga bir kiyimlik mato yoki to‘n hadya etilardi. Zamona zayli bilan odatlarimiz ham o‘zgarib boryapti. Ayni kunda ba’zi joylarda chaqaloqning otasiga qaynota-qaynona suyunchi tarzida dollar qistirayotgani quloqqa chalinib qolayotir. Kimdir eldan qolmay deb, kimdir chin dildan, kimdir ming azobda beradi bu pulni...

 

Nodira Do‘stxo‘jayeva:

– Suyunchi yaxshi odat. Odat boshqa, lekin odat bahonasida ta’ma qilish butunlay boshqa. Afsuski, bugungi kunda ko‘pincha moddiy munosabatlar birinchi o‘ringa chiqmoqda. Bu hatto milliy seriallarimizda ham aks etyapti. Erkaklarga xos bo‘lgan “Uyat o‘limdan qattiq”, degan tamoyil unutilib bormoqda. Avvallari, mobodo yigitning yo‘lkirasi qolmasa, yayov yurgan. Tushlikka puli bo‘lmasa, orlanib, do‘stlari bilan oshxonaga bormagan.

 

Shunday oilalarni ko‘ryapmizki, kuyov qaynonasining uyiga borishi, yaxshi sovg‘ani shaxsan o‘zi olishi kerak, deb hisoblashadi. Mening ham qizim-o‘g‘lim bor. Quda-andali bo‘lganmiz. Kelinimning ko‘zi yorisa, telefon orqali aytaman. Onaga “Ikki jon sog‘-salomat”, degan xabar kerak, xolos. Islomda ta’magirlik, zamonaviy qonunchilikda korrupsiya qoralanadi. Afsus, bunday ta’magir kuyovlarga hech bir qonun yo‘q.

 

Omina Sheraliyeva:

– Yaqinda qizimning ko‘zi yoridi, men ham eldan qolmay kuyovimga 50 dollar berdim. Keyingisi o‘g‘il bo‘lsa, 100 dollar beraman, deb quda xolaga qistirib o‘tdim. Minnat emas, lekin kuyovim yaxshi joyda ishlaydi, pulga zor joyi yo‘q. Lekin men ikki o‘g‘limni kontraktda o‘qitaman, bir so‘mning ham o‘rni bor.

 

Bizning vodiyda qizingni uzatib ham qutulmaysan, shirin tashvishlarning yuki kelinning ota-onasiga tushadi. O‘g‘illarimga kelin olsam, bu odatni xonadonimda joriy qilmayman. Qaytanga, suyunchi deb qudamga bir ko‘ylaklik mato, ro‘mol, shirinlik olib xushxabarni o‘zim yetkazaman.

 

Boy qo‘shnim kuyoviga 100 dollar beribdi, men ham shunday qilishim kerak, deb dalada ketmon chopadigan ayollarni bilaman. O‘ziga to‘q xotinlar o‘ylab topgan va yil sayin suyunchi qiymati tobora oshib borayotgan bu yaramas odatni yig‘ishtirishimiz kerak.

 

Malika Ziyodullayeva:

– Navoiy viloyatida bunday odat yo‘q. Ammo turmush o‘rtog‘im bilan bir do‘stinikiga mehmonga borgandik. Xush xabar kelib qoldi, mezbonning ukasi farzandli bo‘libdi.

 

U akasiga telefon qilib: “Qaynotamning oldiga ketyapman, sizga necha pul bergandi?” deb so‘radi. “Myen suyunchilab borganimda falon choyxonani “yopgandi”, ko‘rmanaga falon pul bergandi. Syeniyam xafa qilmas”, dedi aka o‘lgur.

 

Shu oila bilan boshqa bordi-keldi qilgim kelmay qolgandi. Farzandli bo‘lgach, qaynotasidan pul undirish g‘alati emasmi? Har bir yigit shunaqa qilishim to‘g‘rimi, deb o‘ziga o‘zi savol berishi kerak.

 

Tozagul Jumanova:

– Samarqandda chaqaloq tug‘ilganda kuyovning qaynonasi nabirali bo‘lganidan xursand bo‘lib, qo‘li yengil doyalarga minnatdorlik ramzi sifatida suyunchi beradi. Kuyovga pul qistirish bizda yo‘q. Samarqandning yigitlari qaynona-qaynotasidan suyunchi olishni or biladi. Qiz o‘stirgan onalarning, qizlarning qadri baland. Inson qadr-qiymati boylik bilan emas, aksincha, mehr-muhabbat, o‘zaro hurmat bilan o‘lchansa, oilada fayzu baraka bo‘ladi.

 

Bahriddin Asror:

– Hozir bilmadim-u, bizning vaqtlarda unaqa odat yo‘q edi. Ayolimga o‘sha vaqtda uzuk va’da qilganman va keyinroq oberdim. Qaynonanikiga borsak ham, qog‘oz paketda chiroyli bozor qilib borardik. Qiz tomondan suyunchi so‘rash uyat sanalardi.

 

Feruza Saidxo‘jayeva:

– Bir tanishim “Uyda non olishgayam pul qolmadi, 100 dollarni taxt qilib qo‘ydik, qizimning erta-indin ko‘zi yoriydi, kuyov suyunchiga kelib qolsa beramiz”, deydi. Oldin qizingiz eson-omon qutulib olsin, keyin sarpo qilib borarsiz, hyech yo‘qsa 50 dollarni maydalab, ro‘zg‘oringizga ishlating, dedim...

 

Muzayana Mumurova:

– Toshkentda bor shunaqa odat. Suyunchini olgani kuyovning o‘zi boradi, bosh-oyoq sarpo, yana pul... Ba’zi ko‘zi ochlar onang kam berdi, deb kelinga po‘pisa ham qilarkan. Bir marta qo‘shnimning kuyovi keldi uchinchi farzandiga suyunchilab. “O‘g‘lim, tabriklayman”, desa, qaynonasiga qarab “Quruqqinami?” deya kattagina pul undirmaguncha qo‘ymadi. Dugonamning eri ham suyunchini kam deb janjal qilgan. Afsuski, shunaqa erkaklar ham bor ekan.

 

Mahbuba Hasanova:

– Ham qizingni ber, ham qulluq qil. Farzand kuyov tarafning davomchisi, shunday bo‘lgandan keyin, aksincha, qizning onasiga suyunchi berilishi kerak. Kuyovga dollar qistirishni ahmoqona odat deb bilaman.

 

Odinaxon Mahkamova:

– “Hamkorbank”da o‘tirsam, bir ayol shoshilib keldi-da, so‘mni tezroq dollarga almashtirish kerakligi va tug‘uruqxonadagi qiziga ovqat pishirib borishi zarurligi uchun navbatsiz o‘tkazib yuborishlarini so‘radi. Shunda dollarni kuyoviga suyunchi qilishi, keyin quda tomonga sarpolar olishga hali ulgurmagani, qizi muddatidan oldin tuqqanini aytdi bechora ona.

 

Muyassar Ibragimova:

– Farg‘onada qiz tug‘ilsa 50 dollar, o‘g‘il tug‘ilsa 100 dollar suyunchi ataladi. Myening kuyovim pul berishmasin deb tayinlagan, lekin turmush o‘rtog‘im sekin cho‘ntagiga qanchadir solib qo‘ygan. Bu odatni qizimga yaxshi gapirishsin, deb qudasiga, kuyoviga o‘zini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan qaynonalar o‘ylab topgan.

 

Dinimiz nima deydi?

“Zikr ahlidan so‘rang” turkumida birinchi farzand tug‘ilsa, o‘g‘il bolaga 100, qiz bolaga 50 dollar berish odati paydo bo‘libdi, shunga qanday qaraysiz, degan mazmundagi savolga quyidagi javob qaytarilgan: “Kim yomon sunnatni yo‘lga qo‘ysa, gunohi o‘shanga bo‘ladi. Bu odatni chiqarganni qancha inson la’natlayotgani hech kimga sir emas. Birorta la’nat Allohning huzurida mustajob bo‘lsa, bu odatni chiqargan va uni rivojiga hissa qo‘shganlarning holiga voy. Hayotimiz mobaynida boyvachchalik qilib, oxirida xor bo‘lganlarning ko‘pini ko‘rdik. Vallohu a’lam!”

 

Nodira IBROHIMOVA

oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:04 / 18.04.2024 0 127
Ey qarindoshlar!





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19160
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15955
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi