Koʻktangri, Umay Ona, Kishtey Sulton – Unutilgan afsonalarga qaytib


Saqlash
15:44 / 25.12.2024 2423 0

Yaqinda oʻtkazilgan “MIF” – unutilgan afsonalar nomli badiiy-tasviriy koʻrgazma loyihasi rassom Elnur Egamovning bir necha yillik izlanishlari, qator ilmiy asarlarga murojaati natijasida tashkil etildi. Zamonaviy dunyomizda deyarli unutilmish holga kelgan, asosan, tadqiqot ishlari hamda ilmiy maqolalarda tilga olinuvchi afsonalarimizni yangi bir ruhda oʻzimizga taqdim etuvchi ushbu koʻrgazma badiiy-tafakkurimizdagi boʻshliqni toʻldira oladi, deb hisoblayman. Rassom oʻzbek miflarini bizga tanishtirishni, qadim ajdodlarimizning dunyoni anglashga boʻlgan ishonch tafakkurini ochib berishni maqsad qilgan. Ijodkor sizga nafaqat qadim afsonalardagi xudolar tanitadi, balki uch qavatli dunyo modelini taqdim etib, uni maxsus chizgilar orqali taʼriflab beradi. Muqaddas Koʻk, Yer yuzi va Yer osti saltanatlari sari rangin bir sayohatga taklif etadi. U yerdagi har bir xudo va muqaddas yaratiliq sizga oʻtmish sirlarini soʻylaydi goʻyo.

 

Ushbu koʻrgazma nafaqat tasviriy sanʼat shaydolari uchun, balki adabiyot, tarix va falsafa ixlosmandlari uchun ham birdan qiziqarli, kutilmagan va yangiliklarga boy boʻla oladi. Ekspozitsiyalar namoyishi bir qancha tadqiqot ishlari uchun obyekt vazifasini oʻtay oladi. Oyina.uz ushbu koʻrgazmada namoyish etilgan suratlar va ularga asos boʻlgan miflar haqida hikoya qiladi.

 

Koʻkdagi xudolar

 

Koʻktangri

 

Tangrichilik dinining yakkaxudosi hisoblanuvchi Koʻktangri koʻk yuzining eng yuqori qismida yashaydi. Koʻktangri shu qadar qudratliki, uning shakl-u shamoyilini tasavvur qilish imkonsiz. Miflarga koʻra, Koʻktangri oʻziga bir qancha yordamchilar yaʼni iloh va ilohalar yaratadi. Tangrichilikda tasavvur qilingan uch qavatli dunyo modelini: Yerosti, Yerusti va Samoni oʻzi yaratgan borliqlar orqali boshqaradi. Qadimgi turkiylar oʻzlarini Koʻktangrining bolalari deb hisoblashgan.

 

Qayra Xon yoxud Qoraxon

 

Osmonning oʻn yettinchi qavatida yashaydigan Qayra Xon butun koinotni yoʻnaltiruvchi kuchga qodir. U barcha yaratiliqlarning taqdirini belgilaydi. Olamning yaratilishi haqidagi koʻplab miflarda Qayra Xon nomini uchratish mumkin. Ayrim turkiy xalqlar afsonalariga koʻra, Koʻktangri yaratgan ilk iloh Qayra Xondir. Afsonalarda aytilishicha, Qayra Xon Yerga toʻqqizta qayragʻoch novdasini ekadi, keyinchalik bu daraxtlardan toʻqqiz turkiy xalq paydo boʻladi.

 

Ulgen

 

Osmonning oʻn oltinchi qavatida hukm suradigan Ulgen ayrim manbalarda Qayra Xonning oʻgʻli sifatida oʻrganiladi. Qadimgi turkiy xalqlar Ulgenga oʻz ehtiromlarini koʻrsatish maqsadida unga “Bay Ulgen” deb murojaat qilishgan. Ulgen olamning yaratilishi haqidagi afsonalarda muhim oʻrin egallaydi. Hali olam yaratilmaganida, suvdan boshqa narsa boʻlmagan davrlarda Ulgen uch qavatli olam modelini yaratadi. Yer yuzidagi ilk inson ham Ulgen tomonidan yaratilgan. Ulgen koʻk jismlari boshqaruvchisi hisoblanib, bir qator yordamchilari bilan birga Yerdagi yaratiliqlar va insonlarni nazorat qiladi.

 

Umay Ona

 

Homilador ayollar va bolalarni qoʻriqlovchi Umay Ona turkiy xalqlarning asosiy ilohalaridan biri. U hayotning davom etishi, insoniyat naslining koʻpayishida asosiy oʻrin tutgan. Oʻgʻil farzand istagan oilalar Umay Onaga ibodat qilgan, uning sharafiga qurbonliklar soʻyilgan. Mahmud Koshgʻariyning “Devoni lugʻatit turk” asarida embrionni himoyalovchi qobiq – yoʻldosh “Umay” deb nomlangani qayt etilgan. Tyan-Shan qirgʻizlarida “Umay Onaning koʻksidan sut keladi” degan ibora mavjud. Qozoq va qirgʻiz ayollari biror muhim ish boshlashdan oldin “Bu mening qoʻlim emas, Umay onamning qoʻli” degan iborani aytishadi. Umay Ona uch qirrali toj yoki shox bilan tasvirlangan. Bunday oʻziga xos toj keyinchalik oʻzbek qiz-ayollarining sevimli taqinchogʻi boʻlgan tillaqoshga aylangan.

 

Oq Ona

 

Olamning yaratilishi haqidagi afsonalarda Oq Ona tilga olinadi. Hali olam yaratilmaganida, suvdan boshqa narsa boʻlmagan davrlarda Ulgen oʻziga bir olam yaratmoqchi boʻladi, ammo qanday yaratishni bilmay uzoq vaqt oʻyga toladi. Shu paytda suv ichidan Oq Ona chiqib, Ulgenga uch qavatli olam modelini yaratish gʻoyasini taqdim etadi. Oq Ona Ulgenga qarab shunday deydi:

 

Buyurganlarim (buyurgan ishlarim) boʻladi, de! Buyurganlarim boʻlmaydi, dema! Bor boʻlgan narsaga yoʻq dema. Agar yoʻq desang, bori ham yoʻq boʻladi.”

 

Bu taʼlimotlarni olgan Ulgen Quyosh, Oy, Yerni va odamlarni yaratdi. Shu tariqa butun koinot bunyod boʻldi.

 

Ochurman

 

Olov hanuz ixtiro qilinmagan vaqtlarda qadimgi turkiy xalqlar qahraton qishda juda qiynalishgan. Koʻk yuzida yashovchi iloh Ochurman insoniyatga rahmi kelib, samodan olovni olib tushgan hamda odamlarga olov yoqishni oʻrgatgan. Afsonalarda aytilishicha, Ochurman inson bolasiga koʻplab saboqlar bergan. U koinotning zako timsoli hisoblangan. Qoʻlida butun olamning bilimlari, sir-asrorlari bitilgan noyob kitob boʻlgan. Ochurman bu kitobni qoʻlidan aslo qoʻymas, doim oʻzi bilan olib yurardi.

 

Kunlarning birida u Tangrining gʻazabiga duchor boʻladi. Jazo sifatida buyuk bir togʻni koʻtarib turishga hukm etiladi. Ochurman bu jazoni oʻtab boʻlganidan soʻng dam olish uchun uyquga ketadi. Shu vaqtda kuchli yomgʻir yogʻib, dengiz hosil boʻladi, Ochurmanning qoʻlidagi kitob hoʻl boʻlib, undagi siyoh ilohning badaniga yopishadi. Dengizdan chiqqan Ochurman ustidagi suvlarni silkib qurinishga harakat qiladi. Shu onda badanidagi yovuzlar har yerga yoyiladi va tushunarsiz holga keladi. Shu tariqa butun olamning bilimlari yozilgan kitob Ochurmanning badanida oʻqib boʻlmaydigan holatda manguga qadar qoladi.

 

Ona Lochin

 

Afsonalarda aytilishicha, shomonlar Yer yuziga Ona Lochin tomonidan keltirilgan. Shomon marosimlarida Ona Lochinga alohida hurmat koʻrsatiladi. Qolaversa, Ona Lochin Quyoshning ramzi hisoblanadi.

 

Mergan

 

Koʻkning yettinchi qavatida yashaydigan Mergan bilim, kuch-qudrat ilohidir. Oʻq-yoy yasashda va uni ishlatishda Merganga yetadigan yaratiliq boʻlmagan. U Koʻk yuzidagi zulmat kuchlariga qarshi jang qilgan. Mergan faqat jismoniy kuchi bilan cheklanmagan. Uning zakosi shu qadar kuchli boʻlganki, ilohlarning faylasufi sifatida qabul qilingan.

 

Umay Beg

 

Qadimgi turkiy xalqlar tasavvurida Umay germoafrodit tangri hisoblangan. Yaʼni Umayda ham erkaklik, ham ayollik xususiyati mujassam boʻlgan. Umayning erkaklik qiyofasi mavjud boʻlib, u jang-u jadal, zafar ilohi sifatida tasavvur qilingan. Jangchi va sarkardalar urush oldidan Umay Begdan najot soʻrashgan. Bir qancha arxeologik manbalarda Umay Begning jangchilar bilan birgalikda chordana qurib oʻtirgani tasvirlangan. Alplar jangga kirishdan oldin zafar tilab Umay Begga duo qilishgan va uning sharafiga may ichishgan.

 

Oʻtukan Ona