Jahonda bahs-munozaralarga sabab boʻlayotgan Instasheʼriyat – adabiyotning yangi bosqichimi yo zavoli?


Saqlash
22:37 / 21.07.2023 4155 5

Bugun internet olamida informatsiya shu qadar koʻpaydiki, ular orasida inson real hayotini yoʻqotib qoʻymoqda, hatto. Shu boisdan jahonda turli ijtimoiy tarmoqlarni bloklash, ulardan foydalanishni kamaytirish haqidagi tavsiyalar koʻpayib boryapti. Xususan, odatda hashamatli, yengil hayot koʻz-koʻz qilinuvchi video, suratlar joylanishi sababli instagram eng koʻp tanqid qilinuvchi ijtimoiy tarmoq hisoblanadi. Ammo bu unda faqatgina zararli kontentlar bor, degani emas. Bugun instagramda millionlab odamlar kuzatadigan, adabiyotshunoslarning bahs-munozaralariga sabab boʻlayotgan va sheʼriyatning yangi koʻrinishi deb qaralayotgan oqim paydo boʻlgan. Uni instasheʼriyat, unda ijod qiluvchilarni esa instashoirlar deb atashadi. Bu atamaga, katta ehtimol bilan, ilk bor duch kelishingiz. Sababi oʻzbekcha internet segmentida hali bu mavzuda biror maʼlumot yoʻq. Shunday ekan, gapni avvalo instasheʼriyat aslida nima ekanidan boshlasak.

 

Bundan oʻn yilcha ilgari, deylik Jenniferxon degan ajnabiy shoira ijod mahsulimni koʻproq odam oʻqirmikan, shu bahonada ancha-muncha tanilib qolarmikanman, degan yaxshi niyat bilan sheʼrlarini Instagramga joylab koʻradi. Jenniferxondan ulgi olgan Maykljon, Charlibek va boshqa safdosh shoirlar ham oʻz sheʼrlarini ijtimoiy tarmoq orqali ommaga taqdim etishni boshlaydi. Albatta bular shunchaki toʻqima qahramonlar, lekin chindan ham koʻproq muxlisga ega boʻlish, ijodini kengroq yoyishni maqsad qilgan bir qancha shoirlarning harakati bilan Instagram, Twitter va Tumblr kabi tarmoqlarda instasheʼrlar koʻpaya boshladi. Natijada birvarakayiga ham adabiyot, ham internet olamida yangi atama paydo boʻldi: “instapoetry”, oʻzbekchasiga esa instasheʼriyat.

 

 

Instasheʼriyat qisqalikka asoslangani, har qanday oʻquvchi uchun tushunarli tilda yozilgani, matn mavzusini yanada ochib beruvchi fon va estetik rasm bilan uygʻunlashtirilgani bilan ajralib turadi. Ular asosan sevgi-muhabbat, ayollar huquqlari, ijtimoiy tenglik, psixologik travmalar, jinsiy va boshqa turdagi zoʻravonlikka qarshi kurash, birdamlik kabi mavzularda yozilmoqda. Sheʼrlarning dizaynlari ham oʻziga xos: biri kitob sahifasiga bitilgan, biri parcha qogʻozga chiroyli husnixat bilan tushirilgan, boshqasi qumli sohilga oʻyilgan; biri oq fonga qora bilan yozsa, biri qora fonga oq harflarda bitadi, yana biri ikkala usuldan ham teng foydalanib sahifasini shaxmat doskasiga oʻxshatib qoʻyadi. Sheʼr ostiga chiziladigan yoki tayyorini olib bezatiladigan illyustratsiyalarni-ku aytmasayam boʻlaveradi. Sirasini aytganda, instashoirlar nafaqat bitiklari orqali, balki sahifasidagi vizual koʻrkamlik bilan ham minglab-millionlab odamlarni oʻziga jalb qilish hadisini olgan.

 

Inson zoti yangi narsani avvalgisi bilan solishtirishni biram xush koʻradiki, bunga instasheʼriyat va anʼanaviy sheʼriyatni bir-biriga qiyoslab, oʻxshash va farqli tomoni-yu, zarar va foydasi haqida yuritilayotgan bahslar ham misol boʻladi. Aytish kerakki, ular bir-biriga qoʻshilmaydigan ikki dengizning suvi emas. Istalgan shoir hajman kichikroq sheʼrini yoki sheʼridan parchani media koʻrinishida Instagramga yuklasa boʻlaveradi, hech kim bunga tish-tirnogʻi bilan qarshi emas. Va buning aksi, instashoir sifatida tanilganlar ham kitoblarini chop ettirib, minglab-millionlab nusxalarda sotishyapti, barakasini bersin. Faqat kenjatoy yoʻnalishni oqsoqol akaxonidan farqlab turadigan bir-ikkita jihatlar bor. Bulardan eng birinchisi – qisqalik. Odamlar ijtimoiy tarmoqlarga bosh-adogʻi yoʻq, qogʻozga chiqarsa yostiqday kitob boʻladigan matnlarni oʻqib oʻtirish uchun kirmaydi. Hammaning vaqti tigʻiz, bugunning odami nari borsa uch qator, besh qator, ha, boring ana, oʻn-oʻn besh qator narsani oʻqiydi. Instashoirlar esa aynan mana shu talabga toʻlaligicha javob beradigan qilib qisqa va loʻnda yozishadi. Undan tashqari, yuqorida aytilganidek, grafik bezaklar ham sheʼrning mohiyatini yanada ochib berishga xizmat qiladi. Bordi-yu shundayam darajasi bundayroq instasheʼrxon oʻqiganlarining magʻzini chaqishga ojizlik qilsa, qozoqning toʻqqiz puliday soddagina qilib, sheʼr mavzusini ochib beradigan heshteglar qoʻllaniladi. Masalan, #muhabbat, #tabiat, #hokimiyat, #chigal_hissiyotlar, #menga_nima_farqi_bor, #ayollarga_zulm_qilmang va hokazo-hokazo. Qolaversa, surat ostiga ikki ogʻizgina qilib sheʼr haqida, unda koʻtarilgan mavzuning dolzarbligi, dunyoga kelishiga nima turtki boʻlgani-yu mazmun mohiyati haqida izoh yozish imkoni ham ijod mahsulining hazm qilinishi va keng tarqalishiga omil boʻladi.

 

 

Aslini olganda, instasheʼriyat paydo boʻlishiga aynan anʼanaviy sheʼriyat, kuchli shoirlar oʻrtasidagi raqobat tufayli havaskor ijodkorlarning yozganlari kitob holida chop etilishi amri mahol boʻlib qolgani sabab edi. Sheʼriy kitoblarga talabgorlar keskin kamaygan ayni zamonda nashriyotlar, adabiy agentlar va kitobsotarlar uchun sotuvi chaqqon, oʻz nomiga ega shoirlarning toʻplamlari ayni muddao boʻlardi.

 

Avvalboshda dunyo jamoatchiligida instasheʼriyat kitob savdosini oʻldiradi, odamlar kitob sotib olmay qoʻyadi, degan xavotirlar bor edi. Ammo hozirgi kunda koʻplab mutaxassislar mazkur oqimni sheʼriy kitoblar sotuvini rekord darajada yuqoriga koʻtarganini, odamlarni sheʼrxonlikka qaytarganini deb tan olishmoqda. Statistik maʼlumotlarga bir qur nazar solsak, 2017-yil holatiga koʻra, bestsellerga aylangan top yigirmata sheʼriy kitoblarning oʻn ikkitasi aynan instashoirlar qalamiga mansub. Maʼlumotning biroz eskiligini hisobga olganda, bugun bu raqamlar yanada koʻpayganini taxmin qilish mumkin. Misol sifatida, 2013-yilda instasheʼriyatni boshlab berganlardan biri, bugunga kelib uning qirolichasi hisoblanmish Rupi Kaurning “Sut va bol” (“Milk and honey”) sheʼriy toʻplamini olaylik. 2014-yil chop etilgan ushbu kitob bugunga qadar Andrews McMeel nashriyoti tomonidan qayta-qayta nashr etilmoqda. Nashriyotning rasmiy sahifasidagi maʼlumotlarga koʻra, “Sut va bol” hozirgacha 11 million nusxadan ortiq sotilgan, dunyoning 43 tiliga tarjima qilingan. Qolaversa, Kaurning debyut kitobi New-York Times bestsellerlari roʻyxatida 77 haftadan ortiq peshqadamlikni qoʻldan bermagan. Eng qiziqarlisi, “Sut va bol”ning ruscha, inglizcha nashrlarini Oʻzbekistondagi kitob doʻkonlaridan ham topsangiz boʻladi.

 

 

Kaur xonimdan tashqari yana oʻnlab instashoirlarning qoʻlma-qoʻl boʻlib ketayotgan kitoblarini birma-bir sanasa, roʻyxatimiz uzayib ketadi… Ammo bu avlodning eng taniqli va eng faoli Kaurning oʻzi. Hozir Rupi Kaurni Instagramda qariyb toʻrt yarim million odam kuzatib boradi. Shoira asli panjoblik boʻlib, bolalik chogʻida oilasi bilan Kanadaga koʻchib oʻtgan. “Brampton (Kanada)da yashovchi, tirik qolishga urinayotgan, bazoʻr kun kechirayotgan bugʻdoyrang ayol uchun” yozuvchi Kaur sheʼriyatining bosh mavzularini muhojirlik, feminizm, ijtimoiy tenglik, kuchli inson boʻlish, muhabbat, psixologik travmalar tashkil etadi.

 

 

2009-yildan ijod qila boshlagan shoiraning “Milk and honey” (2014), “The sun and her flowers” (2017), “Home body” (2020), “Healing through words” (2022) kitoblari nashrdan chiqqan. Shoiraning Instagramini kuzatsangiz, har kuni hali u davlatda, hali bu davlatda yurib, sheʼrxonlik kechalarini oʻtkazayotganini koʻrasiz. Taqqoslash biroz notoʻgʻri boʻlsa-da, Rupi Kaurning sheʼrxonlik kechalariga chiqariladigan chiptalar qoʻshiqchi Katy Perryning konsertinikidan tez sotilib ketadi. Shoiraning shuhrati shu darajadaki, The New Republic nashri uni hech ikkilanmasdan “soʻnggi oʻn yillikning eng yaxshi ijodkori” deya koʻklarga koʻtargan. wealthygenius.com sayti maʼlumotlariga koʻra, oʻttiz bir yoshli instashoiraning boyligi ayni vaqtda 1.2 million dollarga baholangan.

 

Rupi Kaurdan tashqari instasheʼriyat olamida Atticus, R.M. Drake, Nikita Gill, Amanda Lovelace, Tyler Knott Gregson, Amanda Torroni, Leticia Sala, Aynur, Pavana Reddy, Aurora Raine, Alex Aubrey, Zara Bas, Joey Kidney, Trygve Skaug kabi ijodkorlar dunyo boʻylab oʻz oʻquvchilariga ega.

 

Masalan, 2.9 million obunachisi boʻlgan R.M. Drake “Beautiful chaos” (“Goʻzal palapartishlik”), “Black butterfly” (“Qora kapalak”), “Empty bottles full of stories” (“Hikoyalarga toʻla boʻsh shishalar”), “Moon theory” (“Oy nazariyasi”), “Broken flowers” (“Singan gullar”) kabi oʻnlab bestseller kitoblar muallifi.

 

 

 

1.6 million obunachiga ega “Love her wild” (“Uni telbalarcha sev”), “The dark between stars” (“Yulduzlar orasidagi zulmat”), “The truth about magic” (“Moʻjiza haqida haqiqat”) kitoblari muallifi @atticuspoetryning romantik ruhdagi sheʼrlaridan olingan satrlar yozilgan kiyim-kechaklar keng sotiladi. Uning hatto “Shoir” degan qahva va vino brendi ham bor.

 

@yung_pueblo nomida faoliyat olib boruvchi asl ismi Diego Perez esa “Inward” (“Ichkari”), “Lighter” (“Yoritkich”), “Clarity and connection” (“Aniqlik va bogʻliqlik”), “The way forward” (“Oldinga yoʻl”) kitoblari bilan mashhur. Ekvadorlik shoirni bugun instagramda 2.6 million kuzatuvchi oʻqib boradi.

 

“These are the words” (“Bular – soʻzlar”), “Fierce Fairytales” (“Vahshiy ertaklar”), “Where hope comes from” (“Umid paydo boʻladigan manzil”) kabi kitoblar muallifi, 723 mingta obunachiga ega @nikita_gill esa bir necha adabiy mukofotlar sohibiga aylangan.

 

Shuningdek, instagramda boshqalarning ijodini yoritib, kitoblarini ommaga tanishtirib, yangi nomlarni kashf etib boradigan sheʼriyat bloglari ham bor. Ulardan eng mashhuri @poets boʻlib, shoirlarning insta-ijod namunalarini joylab, izohlar qismida muallif sahifasiga havola berib oʻtadi. Ushbu blog obunachilari ham Rupi Kaur obunachilari soniga teng – 4.4 million!

 

 

Ushbu raqamlardan koʻrinadiki, bugun odamlar sheʼrdan, adabiyotdan uzoqlashmagan, faqat ularga ijodni, soʻzni yetkazishning yangi yoʻllari topilsa bas. Albatta, instagramga joylanayotgan hamma ijod namunalarini ham sheʼr deb atab boʻlmaydi. Shuningdek, instasheʼriyat soʻz sanʼatining kenjatoy oqimi sifatida qaralayotgan ekan, oʻz-oʻzidan jahon adabiyotshunoslari, oʻzini ijodga daxldor deb biluvchi yozarman-u oʻqirmanlar bu mavzuni tahlil va tanqid qilmay qoʻyishmaydi. Toʻgʻri-da, nima adabiyot bedarvozamidiki, har qanday ijod namunasini sheʼr deb atagani?

 

Ayni shu mulohazalar sabab bugun dunyodagi nomdor universitetlar talabalariga instasheʼriyatni tahlil qilishni va oʻz fikrlarini bayon qilgan holda esse yozishni vazifa sifatida berishmoqda. Hatto joriy yil boshida Germaniyaning Siegen universiteti tadqiqotchisi Neils Penkening “Instapoetry: Digital image texts” nomli kitobi chop etildi va bu instasheʼriyat analiziga bagʻishlangan ilk qoʻllanma hisoblanadi. Baʼzi tahlilchilar instasheʼriyat va insta-ijodkorlarni qattiq tanqid qilsa, baʼzilari bu yoʻnalishni hali emaklayotgan goʻdakday koʻrib, silab-siypalab, kamoliga koʻz tikishmoqda. Masalan, Rebekka Uats instashoirlarning yuziga eng qattiq shapaloqni yuzim-koʻzim demay tushirganlardan biri. Uning 2018-yil Poetry Nation Review jurnalida chop etilgan “The cult of noble amateur” sarlavhali maqolasida instasheʼriyat ayovsiz tanqid qilinadi. Shuningdek, Vinu Kasper ham “Challenging the insta-poet community” maqolasida “Instashoirlar sirasiga J. Ayren Uord, R.M. Dreyk va postlarida ism-familiyadan boshqa farqli jihatlari koʻzga tashlanmaydigan oʻnlab ijodkorlar kiradi” deya tanqid qiladi. Kasper instasheʼriyat qirolichasini ham ayab oʻtirmaydi: “Rupi Kaur esa bestseller kitobini yozish uchun xuddi Tumblrdagi statuslarni koʻchirib chiqib, mana shuni sheʼr deb atayotganga oʻxshaydi”. Jurnalist va yozuvchi Tomas Hodgkinson boʻlsa, “The Spectator” jurnalining 2019-yil 23-noyabr sonidagi maqolasida instashoirlar ijodi haqida quyidagi fikrlarini bildirgan: “Ularning postlari shosha-pisha ifodalab, keyin sheʼrga oʻxshatib shakl berilgan miyaga bir kelib-ketadigan fikrlarga oʻxshaydi”.

 

Yana bir gap, instasheʼriyat faqat boshqa davlatlarda, jahonga mashhur tillardagina bor ekan-da, deb oʻylamang. Sanasak barmoqlarimiz ortib qoladigan darajada boʻlsa ham, har qalay oʻzbek tilida ham yangi oqimning namunalari mavjud. Ularning sirasiga Shuhrat Orif ijodini yoritib boradigan “Kuz shoiri” (2 800ga yaqin obunachi) blogini, Nodira Nazar ijodiy sahifasini (16 400 obunachi) kiritish mumkin. Soʻnggi vaqtda internet olamida Mehrinoz Abbosova ham ancha faol, lekin shoiraning videosheʼrlari asosan YouTube platformasiga moslangani uchun, instasheʼriyat talablariga javob boʻladi, deya olmaymiz.

 

 

Shuningdek, nomi zikr etilgan ijodkorlarimiz bizni instashoir deya malomat qilishibdi, degan xayolga bormasliklarini istardim. Aksincha, har qaysi yaxshi shoir oʻz ijodini kengroq auditoriyaga taqdim etsa, oʻzbek tilida ham yuz minglab, millionlab kuzatuvchilarga ega adabiy sahifalar dunyoga kelsa, bundan faqatgina xursand boʻlamiz. Harholda bu bugungi zamon talabi, unga javob berib, ijodini keng yoyish yoki bir hovuch xos muxlislarga ovunishni maʼqul koʻrish esa har bir ijodkorning oʻziga havola.  

 

Shohrux USMONOV.

Oyina.uz

 

5 Izohlar

Zebo

04:07 / 22.07.2023

Assalomu alaykum. Maqola juda chiroyli yozilgan. Bir oʻqishda tugatdim. Aniq faktlarga asoslangan, lekin badiiy qochirimlari ham oʻz oʻrnida. Instasheʼriyat nomini birinchi marta eshitdim va u haqida toʻliq maʼlumot ololdim, menimcha. Yana yangi maqolalar kutib qolamiz.

Maftuna

02:07 / 22.07.2023

Buni koʻtarib chiqishga nima sabab boʻldi, tanqid yoki maqtov boʻlmasa? Axir shunchaki maʼlumot berish uchun bunday maqola kamlik qiladi. Maqsad ochiqlanmay qolibdi.

.

01:07 / 22.07.2023

Umuman olganda Instashe'riyat tanqid qilmayman, hammasiga o'z vaqtida o'rinli, menga yoqadi umuman,tushunaman ham. Zamon ham o'zgaruvchan.

Zuxro Olimovna

01:07 / 22.07.2023

Yaxshi maqola ekan. Bu haqda esse yozishga harakat qilaman.. albatta, koʼproq maʼlumot yigʻgandan soʻng

Ma'mura

00:07 / 22.07.2023

Ajoyib maqola tashakkur👏

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23627
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//