Joriy yilda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi birlashib, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashkil etildi. Buning sababi nima, nima uchun aynan shu ikki vazirlik birlashdi, degan savol tugʻilishi tabiiy. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov bu haqidagi fikrlarini Oyina.uz bilan oʻrtoqlashdi.
Oliy taʼlimning negizini innovatsiyalar tashkil qiladi
Buni oddiy qilib tushuntirish mumkin – oliy taʼlimning negizida iqtidorni kashf qilish, shakllantirish va hayotga yoʻnaltirish yotadi. Bu innovatsion rivojlanishning asosini tashkil qiladi va oʻz navbatida innovatsion rivojlanishni iqtidorlar taʼminlab beradi. Innovatsion faoliyat boshqaruvi iqtidorlarga shart-sharoit yaratish, ularning tabiiy rivojlanishi uchun raqobat va ragʻbat muhitini yaratishni maqsad qilmogʻi lozim. Iqtidorli yoshlar, xususan talabalardagi shijoat, xato qilishdan qoʻrqmaslik hissi innovatsiyalarga yetaklaydi.
Soʻnggi yillarda innovatsion rivojlanish borasida olib borilgan qator islohotlar natijasida inson kapitali, inson resursi, inson omiliga katta eʼtibor qaratildi. Bu sobiq vazirligimizning asosiy missiyasi edi. Buning natijasida iqtidorlarni tanlab olish, ularga umid bagʻishlash hamda hayoti davomida rivojlanishini taʼminlab borish asosiy maqsadga aylandi. Garchi innovatsiyalarning katta qismi iqtisodiy samaraga yoʻnaltirilgan boʻlsa-da, innovatsion boshqaruvning samarasi taʼlim jarayonlari bilan uzviy bogʻliq.
Taʼlimda erishgan eng katta yutuqlarimizdan biri bu – oliy taʼlim qamrovining kengayganidir va bugun u 38 foizga yetdi. Yurtimiz aholisining oʻsish surʼati juda ham yuqori boʻlgani sababli biz aholisi yosh davlat sanalamiz, bu, aslida katta yutugʻimiz va shu bilan birga bu oldimizga yangi vazifa va maqsadlarni qoʻyadi.
Oliy ta'lim muassasalari sonining oshib borayotgani, oʻquv dasturlarning xalqaro standartlarga hamohangligi, talabalar uchun infratuzilmalar yaratilganligi, laboratoriyalarning moddiy-texnik bazasi yaxshilanganligi, qolaversa, oʻquv qoʻllanmalardagi oʻzgarishlarni eʼtirof etish kerak. Lekin shu bilan birga bir qator tizimli muammolar ham saqlanib turibdi. Prezidentimiz murojaatnomada bejiz taʼlim sifatni koʻtarish kerakligiga alohida urgʻu bermadilar. Avval qilingan asosiy ishlar oliy taʼlimni jonlantirish, uni yangi bosqichga olib chiqish boʻlgan boʻlsa, galdagi vazifamiz oliy taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarishning hamohangligi, bir-biriga uygʻunligini taʼminlashdir.
Endigi vazifamiz tarmoq korxonalariga sifatli kadrlar yetishtirish
Ilm-fan bilan oliy taʼlimning integratsiyasi uzoq yillardan buyon muammo boʻlib kelgan va hozirda ham kun tartibimizdagi asosiy masalaligicha qolmoqda. Yaʼni oliy taʼlim muassasalarida ilmiy tadqiqotlar rivojlanmas ekan, talaba-yoshlar koʻproq ilmiy faoliyatga jalb qilinmas ekan, taʼlim sifatni oshirib boʻlmaydi. Bu birinchi katta masalamiz. Ikkinchisi esa, oliy taʼlim muassasalaridagi eng dolzarb muammolardan yana bir tarmoq bilan integratsiyalanishning sustligidir. Islohotlar davrida biznes yuritish, tadbirkorlik shiddat bilan rivojlandi, yangi tarmoq korxonalari paydo boʻldi, klasterlar tizimi yoʻlga qoʻyildi. Bu ishlar besh yil oldin xayolimizga ham kelmagandi, bunga talab ham yoʻq edi. Oliygoh talabalari, bitiruvchilari uchun ish joylari mavjud emasdi.
Hozir esa, juda koʻp xususiy korxonalar tashkil etildi, tarmoqlarda ishlab chiqarish obyektlari paydo boʻldi. Endi oliy taʼlim muassasalari ularga sifatli kadrlar zaxirasini yaratib berishi kerak. Bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash asosiy vazifamiz boʻlib turgan hozirgi jarayonda oliy taʼlimning ishlab chiqarish va ilm-fan bilan integratsiyasini taʼminlashimiz oʻta muhim.
Bunday integratsiya qanday amalga oshiriladi? Buning aniq mexanizmi yoki darrov natija beradigan “retsepti” yoʻq. Jahon tajribasini toʻgʻridan toʻgʻri koʻchirish ham natija bermasligi turgan gap. Har bir mamlakatning taraqqiyot darajasi, aholi mentalitetini inobatga olgan holda, oliy taʼlim tizimining rivojlanganlik darajasi va qoʻyilayotgan vazifalar hamda iqtisodiyotning drayver sohalaridan kelib chiqib, tizim yaratilishi kerak. Aynan shu tizimni yaratish yangi tashkil etilgan vazirlikning ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilab berildi.
Endi nafaqat taʼlim berish bilan shugʻullanishimiz, balki bitiruvchilarimizni samarali ish bilan taʼminlash va ularning kelajakdagi iqtidorlarini yuzaga chiqarish uchun sharoitlar yaratib berishimiz lozim. Albatta, buning asosida sifatli taʼlim yotadi. Talabalarni tarmoq korxonalari, xususiy ishlab chiqarish obyektlari faoliyati bilan oʻquv jarayonining oʻzida tanishtirib borishimiz kerak. Bitiruvchilarimiz toʻlaqonli yangi texnologiyalarga moslashgan, ishlab chiqarishni tushunib yetadigan mutaxassis etib shakllantirib berishimiz kerak.
Bu jarayonda, albatta, dual taʼlim tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha ham murojaatnomada alohida topshiriq berildi. Oliy taʼlim sifati va qamrovini muntazam oshirish bilan birga, oʻrta boʻgʻin muhandis mutaxassislarini tarbiyalab borish iqtisodiy rivojlanish zanjiridagi muhim halqa. Shuning uchun, drayver tarmoqlarning tarkibida professional taʼlimga asoslangan ixtisoslashgan injenerlar maktabi faoliyatini bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyish boʻyicha ham ishlar olib borilyapti va bu katta platforma sifatida namoyon boʻladi.
Raqamlashtirish va chuqur tadqiqotlar bilan shugʻullanadigan mutaxassislar tayyorlashimiz kerak
Innovatsion rivojlanish tendensiyalari haqida gapiradigan boʻlsak, hozir butun dunyoda sanoatni rivojlantirishdan ham koʻra, ilm, innovatsiya va taʼlimga koʻproq mablagʻlar sarflanmoqda. Negaki, iqtisodiyotning oʻsishida innovatsion rivojlanish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga hozir revolyutsion innovatsiyalar davri ham emas. Deylik, elektr paydo boʻlishi natijasida yuzaga kelgan innovatsion rivojlanish bilan solishtiradigan boʻlsak, hozirgi rivojlanishimiz u qadar shiddat bilan ketmayotganini anglash qiyin emas.
Shu bois butun dunyoda ikkita yoʻnalishni rivojlantirish tendensiyasi kuzatilmoqda, bu – barcha sohalarni raqamlashtirish va turli yoʻnalishlarda chuqur ilmiy-tadqiqotlarni amalga oshirishdir. Aynan raqamlashtirish orqali iqtisodiy samara bir necha baravarga oshishi isbotlangan. Shu bilan birga ilgari sohada yuzaki oʻrganish qilingan boʻlsa hozir chuqur ilmiy-tadqiqotlar olib borish talab etilyapti, bu ingliz tilida deep science deb ataladi. Bu ikki omil iqtisodiyotmizga katta oʻzgarishlar olib keladi va har ikkalasining zamirida sifatli taʼlim yotadi. Raqamlashtirish uchun ham, chuqur ilmiy tadqiqot uchun ham sifatli taʼlim talab etiladi.
Hozir iqtisodiyot sohalariga nisbatan ilm-fan, taʼlimga 4-5 foiz koʻproq mablagʻ berilayotgan bir paytda buni drayver sohalarga koʻproq yoʻnaltirish oldimizga qoʻyilgan asosiy vazifadir. Vazirlikni mana shunday chuqur tadqiqotlar yoki raqamlashtirilgan platformalarning yaratishga koʻnikmasi boʻlgan kadrlarni tayyorlaydigan tizimga aylantirishimiz kerak. Bu sohada endi vazirlik qoshida Innovatsion rivojlanish agentligi oʻz faoliyatini olib boradi.
Shuningdek vazirlik tarkibidagi Bilim va malakalarni baholash agentligi orqali ham xorijiy tillar qatorida turli yoʻnalishlardagi bilimlarni baholash tizimlarini yangilashimiz taqozo qilinadi. Sababi sifatli taʼlim orqali malakali kadrlarni saralab olish masalasi ham mavjud. Qolaversa, ilmiy kadrlarni tayyorlash boʻyicha ham juda koʻp muammolar mavjud – bizning ilmiy kadrlarni tayyorlash yoki ilmiy darajalarni berish tizimimiz jahon andozalariga mos kelmaydi. Oxirgi yillarda bu sohada ham koʻp islohotlar amalga oshirildi, lekin, jahon ta'lim tizimiga integratsiyalashuv yaʼni, ilmiy malakali kadrlarni tayyorlash va ularga ilmiy darajalar berish masalasida ham oliy attestatsiya komissiyasi bilan yangi tizimni shakllantirishimiz lozim. Ushbu tuzilmalarning Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi qoshida jamlanganligi mazkur sohalar uygʻunlashuvini taʼminlaydi.
Ilm-fan va taʼlimga davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlar oshmoqda
Ilm-fan va innovatsiyalarning rivojlanishi juda ham katta sarmoya talab qiladi. Prezidentimiz murojaatnomada aytganlaridek, hozirda ilm-fanni moliyalashtirishga katta mablagʻlar ajratilyapti. 1,8 trln. soʻm mablagʻ aynan ilm-fanni rivojlantirishga sarflanishi rejalashtirilgan boʻlsa, taʼlim sohasiga undan bir necha baravar koʻp mablagʻ ajratilyapti. Davlatimiz taʼlim, ilm-fan, innovatsiyalar va ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, ularni jahon standartlariga tenglashtirishda asosiy regulyator sifatida katta mablagʻ talab etadigan yirik islohotlarni amalga oshiryapti.
Yaqinda 2022-yil uchun ilm-fan boʻyicha milliy maʼruzamizni eʼlon qildik. Statistik maʼlumotlarimizga koʻra, ilm-fanni moliyalashtirishda xususiy sektorning ulushi 5 yil oldingi holat bilan solishtirilganda qariyb 6 barobar oshgan. Bu juda ham katta koʻrsatkich. Ilgari 8 foizgina tarmoqlar ilm-fanni moliyalashtirar edi. Hozirda esa, bu koʻrsatkich qariyb 30-40 foizga yetdi. Bu jahon tajribasida ham juda yaxshi koʻrsatkich sanaladi. Biroq ilm-fan va taʼlimga ajratilayotgan mablagʻlarning aksariyati baribir davlat hissasiga toʻgʻri kelmoqda.
Xususiy sektorni ilm-fan bilan shugʻullanishga qiziqtira olmayotganimizning sababi bu – sifatli kadrlar. Yana oliy taʼlimga qaytamiz. Rivojlanayotgan sanoatimizni boshqaruvchi kadrlar sifatli boʻlsagina, ular ilm-fan yoki taʼlimning qadrini bilgan holda hech ikkilanmay mablagʻni manzilli sarflay oladi. Biz tarmoq korxonalarini majburlab, ularni maʼlum universitet yoki tadqiqot institutlariga biriktirib, shularga masʼulsan deyishdan yiroqmiz. Bu usul hech qachon kutilgan samara bermaydi. Biz vazirlik sifatida tarmoq korxonalariga oʻz mablagʻimiz bilan teng sheriklik asosida kirmoqchimiz. Tarmoqlarda injenerlik maktablarini oʻzimiz tashkil qilmoqchimizki, u yerlarda bizning iqtidorli talabalarimiz ishlaydi va ularning mablagʻlarini oʻzimiz qoplab beramiz. Bu bilan birinchi qadamni biz tashlaymiz, lekin keyingilari birgalikda, hamkorlikda boʻlishi kerak.
Talabalar oʻz orzularidagi professordan taʼlim olishlari kerak
Xabaringiz bor, hozir dunyo miqyosida 4-sanoat inqilobi ketyapti. U raqamlashtirish va yangi mahsulotlarga boʻlgan talablarni qondirishdan iborat. Shu bilan birga raqamlashtirish jarayoniga ham, barcha ilm talab qiladigan sohalarni iqtidorlar bilan taʼminlab berishimiz kerak. Albatta, koʻp vazifalarni kompyuterlar bajaradi. Lekin texnikalar bajara olmaydigan jarayonlarni muvofiqlashtira oladigan ilmiy salohiyatli kadrlar kerak boʻladi. Shu sababli universitetlarimiz, u yerdagi oʻquv dasturlarimizni rejalashtirishimiz kerak. Bu borada eng katta yoʻnalishimiz bu oʻquv qoʻllanmalardir.
41 ta oliy taʼlim muassasamizga akademik va moliyaviy mustaqillik maqomi berilgan. Hozir ularning har birida faoliyat olib borayotgan professor-oʻqituvchilarimizga buyurtmalar portfelini shakllantiryapmiz. Sababi har bir universitetning yoʻnalishiga qarab oʻquv qoʻllanmalari oʻziga xos va yangi boʻlishi kerak. Biz barcha oliy taʼlim muassasalarida bitta oʻquv qoʻllanmadan foydalanish talabini qoʻyish niyatimiz yoʻq. Shuning uchun har bir oliy taʼlim muassasada ijtimoiy paketlar loyihalarini rejalashtiryapmiz. Bu jarayonga majburiyat sifatida emas, aksincha ijodkorlik bilan yondashish kerak.
Quruq raqam bilan rivojlana olmaymiz
Universitetlarda akademik bandlik darajasi oshishi kerak. Har bir professor-oʻqituvchining oʻz brendiga aylangan predmeti boʻlishi kerak. Bu boʻyicha ham tashkiliy islohotlar olib boramiz. Shunda abituriyent falon universitetning falon yoʻnalishida falon professorning qoʻlida oʻqiyman degan orzular bilan oʻqishga kirishga tayyorlanadi.
Oʻz navbatida, har bir universitetning oʻz brendi boʻlishi kerak deb oʻylayman. Talabalar qaysidir soha uchun universitetlarni oʻzlari qidirib kelishlari kerak. Hozir oliy oʻquv yurtlari soni 200 dan ortdi. Endi ular iqtidorli yoshlarimizni oʻqitish uchun raqobatlashishi kerak. Agar biz shunday tizim qilsak, sifat oʻz oʻzidan taʼminlanadi.
Qolaversa, universitetlarimizga anʼanalar ham kerak. Har bir universitet ushbu anʼanalarga sodiq boʻlishi kerak. Universitetlar nafaqat bilim oʻchogʻi boʻlishi kerak, balki tarbiya maskani ham boʻlishi kerak. Turli sohalarni qamrab olgan talabalar kengashlari, jamiyatlari tuzishni rejalashtirganmiz. Universitetda shakllangan anʼanalar bitiruvchilarni, ularning oilalari va farzandlarini maʼnan birlashtirishi, umuminsoniy qadriyatlarni ular orqali jamiyatimizga singdirishi talab etiladi
Bu oʻz navbatida juda ham katta ijodkorlik muhitini yaratadi. Hozirda OTMlar soni 200 dan ortiq, taʼlim qamrovi 40 foizga yetdi. Lekin bizni innovatsion rivojlanishda orqaga tortayotgan bu ijodkorlik va kreativlik muhitimizning past darajada ekanidir. Kreativ fikrlash boʻyicha biz dunyo mamlakatlari orasida oʻtgan yili 18 pogʻonaga koʻtarildik. Lekin haliyam 140 dan ortiq mamlakat orasida 102-oʻrindamiz. Ammo, muhandislar va tadqiqotchilar soni boʻyicha top-10 talikka kirsak ham kreativ fikrlash, ijodkorlik bizga yetishmaydi. Ijodkorliksiz esa, sifatga erishib boʻlmaydi.
Shuning uchun maʼnaviy, maʼrifiy, mafkuraviy qadriyatlar, madaniyat orqali ijodkorlikni shakllantirib berishimiz kerak. Raqamlar bilan ishlash juda yaxshi, lekin quruq raqam bilan rivojlanish boʻlmaydi. Shu sababli adabiyot, madaniyat, anʼanalar orqali talaba va oʻqituvchilarimizda vatanga mehr-muhabbatni tarannum etish, oʻzlikni anglash, milliy gʻururni shakllantirish, 4-sanoat inqilobiga intilish, katta kashfiyotlarni qilish ishtiyoqini shakllantirishimiz kerak. Bir soʻz bilan aytganda ilm-fan, innovatsiya va taʼlimni milliy qadriyatlarimizga hamohang tarzda insonparvarlik tamoyillari bilan sugʻorilgan ruhan tetiklik, sogʻlom tan va aql hamda zamonaviy intellektni shakllantirish orqali rivojlantirishimiz kerak. Bu sifat va rivojlangan iqtisodiyot demakdir.
Oyina.uz
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
5 Izohlar
Hoshim Ahmedov
12:01 / 01.01.1970
Avvalo yangi vazirimizga omad yor boʻlsin. Lekin ish juda koʻp. Men vairimizning quyidagi maslalarga e'tibor berishlarini istar edim: 1. OTMlarni akademik erkinlikka oʻtishi, oʻz-oʻzini ta'minlash, ya'ni xoʻjalik hisobiga oʻtish jarayoni toʻxtab qolgan. 2. Davlat tasarrufidagi OTMlarda ortiqcha qogʻozbozliklar, ma'muriy-buyruqbozlik davom etayapti. Buni yanada kamaytirish lozim. 3. Davlat OTMlarida ilmga aloqasi kam, oʻqishdan tashqari madaniy-ma'rifiy tadbirlar haliyam koʻp. Bundan voz kechish lozim. 4. OTM professor-oʻqituvchilarining Malaka oshirish tizimi bugungi kun talabiga javob bermaydi. Unda yosh chegarasi yoʻq, qariya ustozlarning sogʻligiga toʻgʻri keladimi-yoʻqmi - majburiy talab qilinaveradi. Bu xususda avvalgi vazirga ikki marta murojaat qilganman. Javob yoʻq boʻlmadi. 5. Yangi vazirimiz OTMlar bilan adolatli boshqaruvni yoʻlga qoʻyadi, takliflarimizni e'tiborsiz qoldirmaydi deb umid qilamiz. Hurmat bilan: ToshDOʻTAU dotsenti Hoshimjon Ahmedov. 13. 01. 2023.
Aziz Xujanov
12:01 / 01.01.1970
Assalomu aleykum. Juda yaxshi dolzarb rejalar ilgari surilgan. Oliy ta'limning boshlang'ich nuqtasi bo'lgan Professional ta'lim, ayniqsa kasb-hunar maktabilariga ham ko'mak va e'tibor berilsa ta'lim sifatida bundanda yaxshi natijalarga erishamiz!
Baxtiyor
12:01 / 01.01.1970
Tumanlarda va mahallalarda kutubxonalarni ko'paytirishimiz kerak. Qachonki to'yxonalarimizdan kutubxonalarimiz ko'p bo'lsagina rivojlana olamiz. Har bir mahallada ingiz tili to'garaklari bepul davlat hisobidan tashkillashtirishimiz kerak .Chunki bolalikdan til bilmasak qolib ketamiz.
Mirolim Shodmonqulov
12:01 / 01.01.1970
Assalomu alaykum vazirimiz haqiqatdan ham juda to'g'ri gaplarni aytibdi. Men qo'llab quvvatlayman olg'a
Mahliyo
12:01 / 01.01.1970
Yuqoridagi fikrlar bilan tanishar ekanman, bularni amalga oshirish ko’p vaqt talab qilsa ham biz pedagoglar birlashsak, bu ezgu maqsadlarni amalga oshirish ancha oson kechadi. Umid qilamizki, bu islohotlar zamirida, avvalo, inson qadr-qimmati, o’qituvchilarning sha’ni yotibdi.