Xorazmda adliya boshqarmasi boshligʻi va tuman FVB rahbari mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan jinsiy aloqa qilib kelgani aytilmoqda

Saqlash
00:41 / 02.04.2023 2724 1

Oʻzbekiston viloyatlaridan biridagi oilaviy mehribonlik uyi rahbari 3 nafar voyaga yetmagan tarbiyalanuvchi qizni 10 oy davomida viloyat adliya boshqarmasi va tuman favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi bilan jinsiy aloqada boʻlishga majburlagani aytilmoqda. Bu haqda zoʻravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz loyihasi xabar berdi.

 

Mehribonlik uyi rahbari va ikki boʻlim boshliqlariga nisbatan qoʻzgʻatilgan ishni koʻrib chiqqan sud majlisi 2022-yil sentyabr oyida boʻlib oʻtgan.

 

Loyihaga koʻra, oilaviy mehribonlik uyi rahbari oʻz vasiyligidagi 3 nafar qiz (Aziza, Raʼno va Dilya — ismlar oʻzgartirilgan)ni tanlab olgan va 10 oy davomida (2021-yil may — 2022-yil fevral) moddiy ragʻbat evaziga turli erkaklar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlagan.

 

“Masalan, 2021-yil may oyi boshida u oʻsha paytda hali 16 yoshga toʻlmagan Azizani tanlab, tanishlaridan biri bilan jinsiy aloqaga kirishga majburlagan. Qiz bunga qarshilik qilganda mudira oshxonadan oʻqlov olib keltirib, barcha bolalarning koʻz oʻngida qizning kichik ukasini kaltaklay boshladi. Qizning irodasini sindirib, mudira keyinchalik uni oʻzi aytgan erkaklar bilan yotishga majbur qilib kelgan”, deb yozadi Nemolchi.uz.

 

Viloyat adliya boshqarmasi boshligʻi mudiraning muammolarini hal qilishda oʻz vakolatlarini ishga solishga vaʼda berib, 2021-yil aprel oyida unga xayriya sifatida printer sovgʻa qilgan (qurilma viloyat adliya boshqarmasi balansida boʻlgan, ishlatilgan, keyinchalik yaroqsiz holga kelgan).

 

“Bunday «xayriya”dan bir necha hafta oʻtgach, erkak mehribonlik uyi rahbaridan unga jinsiy ehtiyojlarini qondirish uchun qiz berishni talab qildi. Shunda mudira 17 yoshli yetim qiz Raʼnoni tanladi va uni och qoldirib, boshqa bolalardan ajratib, tashqariga chiqishini taqiqlab qoʻydi, keyin viloyat adliya boshqarmasi boshligʻi unga 250 ming soʻmlik sport oyoq kiyimi olib bergani uchun u bilan jinsiy aloqa qilishga majbur ekanini aytdi. Erkak qiz bilan qabih ishlari uchun adliya boshqarmasi tomonidan viloyat adliya boshqarmasi xodimlariga xizmat uyi sifatida ajratilgan xonadondan foydalangan», deyiladi loyiha materialida.

 

Oradan bir oy oʻtib, 2021-yil iyun oyida u yana mudiradan qiz talab qilib, 15 yoshli Aziza bilan ham shu xonadonda birga boʻlgan.

 

“Voqealar qayta-qayta takrorlanadi… Darhaqiqat, oʻn oy davomida viloyat adliya boshqarmasining xizmat xonadonidan viloyat adliya boshqarmasi boshligʻi va voyaga yetmagan qizlar oʻrtasida jinsiy aloqa maydoni sifatida foydalanilgan”, deb yozadi Nemolchi.uz.

 

Favqulodda vaziyatlar boʻlimining tuman boʻlimi boshligʻi ham mehribonlik uyi rahbariga uning muammolarini hal qilishda yordam berishini aytgan. May oyi boshida homiylik sifatida bolalar uchun divan, shkaf, oshxona stoli sovgʻa qilgan va bolalarga turli shirinliklar olib kelgan.

 

“Buning evaziga 2021-yil iyun oyi boshida u ham jinsiy aloqa qilish uchun qiz talab qilib, mehribonlik uyi yotoqxonasida yuqorida tilga olingan 17 yoshli yetim Raʼno bilan yotib chiqadi. Iyun oyining oxirida u mehribonlik uyi rahbariga 200 ming soʻm berib, yana shu qiz bilan yotadi. Keyin esa mehribonlik uyiga oziq-ovqat va ichimliklar olib keladi va buning evaziga 15 yoshli Azizani jinsiy aloqa qilishga majburlaydi. Qizlar u bilan bir necha bor jinsiy aloqa qilishga majbur boʻlishdi va uchrashuvlar bolalar uyining oʻzida ham, boshqa joylarda ham boʻlib oʻtdi”, deyiladi loyiha materialida.

 

Nemolchi.uz voyaga yetmaganlar qaram holatda boʻlgani va shu bois jinsiy aloqaga oʻz ixtiyori bilan va ongli ravishda rozilik bera olmasligini qayd etdi.

 

Maʼlum qilinishicha, sud jarayonida barcha ayblanuvchilar “qizlar buni oʻz ixtiyori bilan qilgani, ularni hech kim majburlamaganini” aytgan.

 

Sentyabr oyida birinchi instansiya sudi mehribonlik uyi rahbarini Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi (18 yoshga toʻlmagani aybdorga ayon boʻlgan shaxsga nisbatan sodir etilgan odam savdosi), 167-moddasi 2-qismi “g” bandi (Mansab mavqeini suiisteʼmol qilish yoʻli bilan oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi 1-qismi (Mansab soxtakorligi) boʻyicha 5 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum qilgan.

 

Adliya boshqarmasi boshligʻi va favqulodda vaziyatlar boʻyicha tuman boshqarma boshligʻi Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismi (Shaxsning 16 yoshga toʻlmagani aybdorga ayon boʻlgan holda u bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish) va Jinoyat kodeksining 128−1-moddasi (16 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoxud mulkiy manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish)ning eski tahririda nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

 

Ularning har ikkisiga 1,5 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Bu vaqt davomida ularga 22:00 dan 06:00 gacha uydan chiqish, shuningdek, probatsiya organlarini ogohlantirmasdan yashash joyini oʻzgartirishlari va yashash tumani chegaralarini tark etish taqiqlanadi.

 

2022-yilning dekabr oyida apellatsiya instansiyasi sudi sud qarorini oʻzgartirishsiz qoldirgan.

 

“Yuqorida tasvirlangan holatda ularga nisbatan yetarli jazomi? Afsuski, hatto idoralar xodimlari orasida ham oʻzlari buzuq boʻlgan voyaga yetmagan qizlar borligiga ishonadiganlari bor, qizlar erkaklarga osilib, jinsiy aloqa qilishni xohlasharmish. Hech kim sabablar haqida oʻylashni xohlamaydi. Mamlakatimizda rozilik yoshi 16 yoshdan boshlanishini hamma unutgan koʻrinadi. Bu shuni anglatadiki, 16 yoshga toʻlmagan shaxs bilan har qanday jinsiy aloqa nomusga tegish deb hisoblanishi kerak”, deydi Nemolchi.uz.

 

Adliya vazirligi munosabati

 

Vazirlik axborot xizmati oʻz tizimidagi xodim bilan boʻlgan voqeaga munosabat bildirar ekan, hududiy boshqarma rahbarining harakatlari “na qonunlarga, na axloq va qadriyatlarga mos kelmasligi”, ushbu jinoiy harakat haqida oʻzlariga maʼlum boʻlgan vaqtidayoq uning lavozimdan ozod etilganini maʼlum qildi.

 

“Qonunchilikka koʻra, sudlar oʻz faoliyatini davlat organlari va tashkilotlari mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda olib boradi, oʻz hukm-qarorlarini mustaqil ravishda chiqaradi. Shu sababli Adliya vazirligi sobiq xodimga nisbatan sud hukmini sharhlash vakolatiga ega emas”, deyiladi munosabatda.

 

FVV xodimi ishidan olingan

 

Jinoyat ishlari boʻyicha Xiva tuman sudining 2022-yil 6-sentyabrdagi hukmi bilan Xorazm viloyati Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi lavozimida ishlab kelgan 39 yoshli A.Q. ham oʻsha paytdayoq lavozimidan olingan.

 

Bu haqda FVV axborot xizmati maʼlum qildi.

 

Oʻzbekiston Oliy sudi izohi

 

2022-yil 6-sentyabr kuni Dilmurod Otamuratov raisligida oʻtgan jinoyat ishlari boʻyicha Xorazm viloyati Xiva tumani sudi Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy mehribonlik uyi rahbari Yulduz Xudaybergenova, Xorazm viloyati adliya boshqarmasi sobiq boshligʻi Oybek Masharipov va Yangiariq tumani favqulodda vaziyatlar boʻlimi sobiq boshligʻi Anvar Kuryazovga nisbatan hukm chiqargan. Biroq zoʻravonlikka qarshi loyihasi bu haqda xabar bermaguncha — qariyb 7 oy davomida jamoatchilik bu ish haqida bilmagan.

 

Oliy sudning rasmiy maʼlumotida mehribonlik uyi rahbari (1979-yilda tugʻilgan) 5,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgani hamda 1 yilga davlat ishtirokidagi korxona, tashkilot, muassasalarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bogʻliq vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilingani tasdiqlangan. Unga Jinoyat kodeksining “18 yoshga toʻlmagani aybdorga ayon boʻlgan shaxsga nisbatan sodir etilgan odam savdosi”, “Mansab mavqeini suiisteʼmol qilish yoʻli bilan oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish” va “Mansab soxtakorligi” moddalari boʻyicha ayblov qoʻyilgan.

 

Viloyat adliya boshqarmasi (1979) va tuman favqulodda vaziyatlar boʻlimining (1984) sobiq boshliqlari “Shaxsning 16 yoshga toʻlmagani aybdorga ayon boʻlgan holda u bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish” va “16 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoxud mulkiy manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish” moddalari bilan aybli deb topilgan hamda 1,5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini olgan. Bu vaqt davomida ularga 22:00 dan 06:00 gacha uydan chiqish, shuningdek, probatsiya organlarini ogohlantirmasdan yashash joyini oʻzgartirishlari va yashash tumani chegaralarini tark etish taqiqlangan.

 

Yulduz Xudaybergenova hamda Oybek Masharipov va Anvar Kuryazovlarning himoyachisi birinchi instansiya sudining qarori ustidan apellyatsiya shikoyati kiritgan. 27-dekabr kuni Jinoyat ishlari boʻyicha Xorazm viloyati sudi sudlov hayʼatining apellyatsiya instansiyasi Xiva tumani sudining qarorini oʻzgarishsiz qoldirgan.

 

Oliy sud “Taraflarga apellyatsiya instansiyasi sudining ajrimi ustidan Oliy sudning jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga kassatsiya tartibida shikoyat qilishi, prokuror protest keltirishi mumkinligi tushuntirilgan”, — deb taʼkidladi. Shu kungacha Oliy sudga kassatsiya tartibida protest yoki shikoyat kelib tushmagan.

 

“Ushbu jinoyat ishi Oliy sud jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatida kassatsiya tartibida koʻrilgandagina yuqoridagi sud qarorining qonuniyligi, adolatliligi va asosliligiga huquqiy baho berilishi maʼlum qilinadi”, deyiladi xabarda.

 

Bolalar ombudsmani vaziyatni oʻrganmoqda

 

Oʻzbekiston Bolalar ombudsmani Aliya Yunusova Xorazm viloyati Urganch shahridagi 1-oilaviy mehribonlik uyining uch nafar tarbiyalanuvchisining zoʻrlanishi bilan bogʻliq vaziyatni oʻrganmoqda. Bu haqda ombudsman matbuot xizmati xabar berdi.

 

“Bolalar ombudsmani bolalarga nisbatan qoʻllanadigan har qanday jinsiy jinoyatlarga ogʻir jazo turlarini qoʻllash kerak, degan pozitsiyada”, deyiladi bayonotda.

 

Aliya Yunusova vaziyatni oʻz nazoratiga olgan va ish bilan bogʻliq barcha materiallarni oʻrganmoqda, deyiladi xabarda.

1 Izoh

Кодирова Угилхон Сотиболдиевна

12:01 / 01.01.1970

Ажаб дунё,бу шахсларга энг огур жазони кулласа хам кам,бола 16 ёшми,17 ёшми бола хиссобланади,конунчиликда янги логика критилгани тугри булса,хаммага сабок буларди.

Izoh qoldirish

//