Oʻzbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalarini xarid qilganlik uchun kompensatsiya toʻlanadi

Saqlash
16:10 / 16.09.2022 969 0

“Energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni imzolandi.

 

Farmonga muvofiq, 2022-yil 1-oktyabrdan boshlab:

 

– jismoniy shaxslar mamlakatda ishlab chiqarilgan quyosh va shamol elektr stansiyalari va quyosh suv isitgichlarini 3 yil mobaynida foizsiz boʻlib-boʻlib toʻlagan holda sotib olishlari mumkin;

 

– shunga oʻxshash qurilmalarni oʻrnatgan va ularning qiymatini toʻliq toʻlagan shaxslarning xarajatlarining bir qismi Energetika vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Tarmoqlararo energiya tejash jamgʻarmasi hisobidan qoplanadi. Kompensatsiya miqdori qurilmaning quvvatidan kelib chiqqan holda BHMning 5 baravaridan 50 baravarini tashkil etadi.

 

– mahalliy ishlab chiqaruvchilardan, shuningdek mahalliy chakana savdo obyektlarida, shu jumladan elektron tijorat orqali qurilmalarni yetkazib beradigan va oʻrnatadigan korxonalardan qurilmalar sotib olinganida boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati beriladi yoki yakuniy chakana narxdan kompensatsiya miqdori chegirib tashlanadi.

 

Shuningdek:

 

–  hududlardagi 34 mingdan ortiq obyektlarda, shu jumladan 619 “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida va viloyatlardagi 28 mingdan ortiq uy xoʻjaliklarida muqobil energiya manbalarini joriy yetish;

 

–  vazirliklar va idoralar tarkibidagi 6 mingdan ortiq obyektlarda muqobil energiya manbalari ulushini 30 foizga yetkazish (2023-yil yakunlari boʻyicha);

 

–  “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarni mahalliy byudjetlar hisobidan qayta tiklanuvchi energiya qurilmalari bilan taʼminlash (2022-yilda ehtiyojmand oilalarning 20 foiz, 2023-yilda 80 foiz);

 

–  qurilmalar egalari (jismoniy va yuridik shaxslar) tomonidan quvvati 1 MVtgacha boʻlgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasini  sotish imkoniyati (faqat “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va davlat tomonidan vakolat berilgan organga bunday energiyani sotib olishga ruxsat berilgan, bunda elektr energiyasini xarid qilish kamida oʻn yil muddat davomida amalga oshiriladi);

 

–  asosiy faoliyati quyosh, shamol elektr stansiyalari va kichik GES ishlab chiqarish va oʻrnatish boʻlgan yuridik shaxslar, shu jumladan, 2025-yilgacha tashkil etilgan yangi yuridik shaxslar tadbirkorlik subyektlari sifatida roʻyxatdan oʻtgan kundan boshlab 3 yil davomida foyda soligʻi va mol-mulk soligʻini belgilangan stavkalarning 50 foizi miqdorida toʻlaydi.

 

Bundan tashqari, 2023-yil 1-yanvardan boshlab mahalliy issiqlik taʼminoti tizimlariga ulangan barcha (davlat va xususiy) yangi va rekonstruksiya qilingan ijtimoiy obyektlarni, umumiy ovqatlanish va xizmat koʻrsatish obyektlarini, koʻp qavatli uylarni, shuningdek maydoni 1 000 metr kvadratdan ortiq boʻlgan barcha savdo markazlarini loyihalashtirish va ishga tushirishda issiq suv hajmining kamida 25 foizi quyosh suv isitish qurilmalarini oʻrnatish orqali qoplanishini taʼminlash lozim.

 

Farmonda Prezidentning ayrim hujjatlariga bir qator oʻzgartirishlar kiritilmoqda. Misol uchun, Oʻzbekiston hududiga olib kirish taqiqlangan energiya samaradorligi “D”va undan quyi toifadagi energiya sarflovchi maishiy elektr priborlari roʻyxatini belgilovchi 2019-yil 22-avgustdagi PQ-4422-son qarorga qoʻshimcha kiritilmoqda.

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//