Vazirlik 8-sinf Adabiyot darsligida Asqad Muxtor toʻgʻrisidagi maʼlumot bir necha marta takrorlanganiga munosabat bildirdi

Saqlash
14:25 / 15.09.2022 1209 0

Ijtimoiy tarmoqlarda 8-sinf Adabiyot fani darsligida Asqad Muxtor toʻgʻrisida maʼlumotning bir necha marotaba berilgani aks etgan video eʼlon qilingandi. Holat yuzasidan Xalq taʼlimi vazirligi munosabat bildirdi.

 

Qayd etilishicha, videosi tarqalgan 8-sinf Adabiyot fani darsligi maketi 2010-yilda Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan yaratilgan. Mazkur darslik soʻnggi marotaba ushbu nashriyot tomonidan 2019-yilda chop etilgan 4-nashr hisoblanadi.

 

Yuzaga kelgan vaziyatni oʻrganish maqsadida vazirlik tomonidan 14-sentyabr kuni Surxondaryo, Xorazm, Navoiy, Andijon, Toshkent, Qashqadaryo viloyatlari maktablarida aynan 8-sinf Adabiyot fani darsligi koʻzdan kechirildi. Oʻrganish jarayonida keng muhokamaga sabab boʻlgan holat koʻzdan kechirilgan darsliklarda mavjud emasligi aniqlandi.

 

Shu oʻrinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavha muallifi farzandiga darslik qaysi maktabda berilganini aniqlash imkoniyati boʻlmadi (videoda hech qanday maʼlumot berilmagan). Video muallifidan mazkur darslik haqiqatdan ham maktab kutubxonasidan berilgan boʻlsa, uni vazirlikka @bookedu_bot Telegram boti orqali murojaat qilgan holda maktab kutubxonasiga qaytarib, oʻrniga sifatli darslikni olishini soʻraymiz. Shu bilan birga, videoni tarqatgan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan holat yuzasidan maʼlumotni vazirlikka taqdim etishlarini va uni ijobiy hal qilinishida yordam berishlarini soʻrab qolamiz, — deyiladi munosabatda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//