Senat raisi – hukumatga: “Hammasini davlat rahbariga tashlab qoʻyish kerak emas”

Saqlash
21:45 / 14.09.2022 628 0

Senat raisi Tanzila Narbayeva fuqarolar tomonidan koʻtarilayotgan muammolar faqatgina ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama etilgach, masʼul organ va tashkilotlar harakatga tushayotganini tanqid qildi. U mazkur masalaga Senatning 32-yalpi majlisi davomida toʻxtalib oʻtdi.

 

Tanzila Narbayeva dastlab daraxtlarni kesishga muddatsiz davrga moratoriy eʼlon qilingan boʻlsada, ayrim shaxslarni daraxtlarni yoʻq qilishini toʻxtatib boʻlmayotganini aytdi.

 

«Daraxtlarni kesish, sunʼiy tarzda quritish (12) holatlari [koʻpaygan]. Aytganimizdek, bino qurmoqchi boʻlganlar tenderda yutib olib, birorta bino quraman deydida daraxtlarni sugʻormasdan, uning qurishiga kuzatuvchi boʻlib qarab turib, daraxtlarni qurib qolishga olib kelyapti», – dedi u.

 

Shuningdek, senatorlar maktab darsliklarining narxi va ularning mazmuni borasida odamlardan kelib tushayotgan murojaatlarni xalq vakillari sifatida oʻrganishlari kerakligini qayd etdi.

 

«Ikkinchi muammoni koʻtarishyapti – yangi oʻquv yili boshidan maktab darsliklari muammosi bilan boshlanib, endilikda darsliklarning mazmuni, ularni oʻquvchilarning yoshiga aqliy, psixologik, fiziologik imkoniyatlariga mos ravishda tayyorlanishi bilan bogʻliq muammolarni koʻtarishyapti. Bugun ham shuni gapirishyapti. Biz avval ham – 2019-yilda ushbu masalada parlament soʻrovi doirasida oʻrganishlar oʻtkazgandik, hukumatga parlament soʻrovini yuborganmiz. Ushbu masala shu paytgacha baribir hal boʻlgani yoʻq. Senatning fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash qoʻmitasi hukumatning tegishli komplekslari bilan birgalikda darsliklar masalasiga qaytib, oʻqituvchilar, ota-onalar, ekspert-olimlar hamda keng jamoatchilikning takliflari asosida darsliklarni tayyorlash, nashr etishning shaffof tizimini ishlab chiqish kerak boʻladi», — deb qayd etdi Senat raisi.

 

Uning soʻzlariga koʻra, hozir bu boʻyicha Adminstratsiyada ham ishlar ketayotganligi eʼlon qilingan, lekin bunga xalq vakillari ham kirishib, birgalikda oʻrganishlar olib borishi zarur.

 

“Uchinchi masala – Toshkentga oliy oʻquv yurtiga qabul qilingan talabalarni turar-joy bilan taʼminlash masalasi yakuniga yetkazilmas ekan, bu muammo har yili koʻtarilaveradi. Mavjud yotoqxonalar, lekin u paytda qancha edi yotoqxonalar? Hozir qanchadan-qancha koʻp OTMlar tashkil qilinyapti, talabalar soni ham ortib bormoqda. Demak, ehtiyoj ham koʻpayyapti”, – dedi u.

 

Qolaversa, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev Tashkent Index savdo-ishlab chiqarish majmuasida talabalar uchun 10 ming oʻrinli turar-joy tashkil etish taklifini bildirgandi. Senat raisi buning ortidan boshqa muammolar yuzaga kelishi mumkinligini qayd etdi.

 

“Lekin shuncha talaba bir hududga joylashtirilsa, uning ortidan qanchadan-qancha muammolar kelib chiqadi, ham xavfli. Boshqa ijtimoiy muammolar – sanitariya gigiyena qoidalarini taʼminlash kerak boʻladi, poliknilikalarga tushadigan qoʻshimcha yuklamalar paydo boʻladi, yoʻllarda tirbandliklar yuzaga keladi”, – dedi Tanzila Narbayeva.

 

Bundan tashqari, yuqori palata yetakchisi odamlar koʻtarayotgan muammolar birgina davlat rahbariga tashlab qoʻyilgani, uning oʻzi yechim topishga majbur boʻlayotgani uchun hukumatni tanqid qildi. Uning soʻzlariga koʻra, yangi oʻquv yili boshlanishi bilan tirbandliklar muammolar koʻtarila boshladi.

 

«Mana shu masalalar hammamizni, ayniqsa, hukumat vakillarini oʻylantirishi kerak. Odamlarimiz bugun mana shu masalalarni hal qilsanglar boʻlmaydimi, degan chaqiriq bilan bizga murojaat qilyapti. Bu yerda oʻtirgan hukumat aʼzolari chiroyli-chiroyli rejalar qilgansizlar, mablagʻlar ajratilyapti. Lekin odamlarning mana bunaqangi murojaatlari kamaymas ekan, odam bu ishlar qilinyaptimi yoki yoʻqmi degan savolga oʻylanib qoladi. Qachon odamlar dod-voy qilib, ijtimoiy tarmoqqa chiqadi, shundan keyin boshlanadi. Hammasini davlat rahbariga tashlab qoʻydik, tashlab qoʻyish kerak emas. Hammasiga oʻzlari munosabat bildirib, oʻzlari yechim topib beryaptilar. Qolganlar nima qilib oʻtiribdi unda?», – dedi Senat raisi.

 

Tanzila Narbayeva soʻzi yakunida mazkur masala yuzasidan hamma koʻzini ochib olishi kerakligini taʼkidladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//