Jamiyat
Prezident tomonidan «Tadbirkorlik subektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazishni muvofiqlashtirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi, deya xabar bermoqda Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati.
Qarorga muvofiq, 2022 yil 1 noyabrdan boshlab nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subektlari faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar «Yagona davlat nazorati» axborot tizimida ro‘yxatga olinadi. Mazkur tizimda ro‘yxatga olinmagan tekshiruvlarni o‘tkazish noqonuniy hisoblanadi.
Shuningdek, tekshiruvlarning natijalari hamda profilaktika tadbirlari to‘g‘risida ma’lumot tekshiruv yoki profilaktika tadbirlari tugagan kundan boshlab uch kun muddatda «Yagona davlat nazorati» axborot tizimiga kiritiladi. Nazorat qiluvchi organlar:
– «xavfni tahlil etish» tizimi natijalariga asosan o‘tkaziladigan tekshiruvlarning boshlanishi haqida kamida 10 ish kuni oldin tadbirkorlik subektini xabardor qiladi;
– tadbirkorlik subektining ilgari tekshirilgan faoliyat davridagi predmeti va obyekti bo‘yicha qayta tekshiruv o‘tkazishga va tadbirkorlik subyekti tomonidan avval taqdim etilgan hujjatlarni talab qilishga haqli emas.
Bundan tashqari, tadbirkorlik subektlari uchun profilaktika tadbirlarini tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan kelishilgan reja-grafiklar asosida tadbirkorlik subyektlari moliya-xo‘jalik faoliyatiga aralashmagan holda seminarlar, ommaviy muhokamalar, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, «ochiq eshiklar kuni» tadbirlarini tashkil etish, shuningdek, tarqatma material va qo‘llanmalar bilan ta’minlash, tavsiya va xabarlar yuborish shakllarida amalga oshiradi.
Tadbirkorlik subektlari nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslarini tekshiruv o‘tkazish uchun o‘z hududiga qo‘ymaslikka haqli, agar
– tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruq o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirilmagan bo‘lsa;
– tekshiruv belgilangan tartibda Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan kelishilmagan yoki u xabardor etilmagan bo‘lsa;
– tadbirkorlik subektlari faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma mavjud bo‘lmasa;
– nazorat qiluvchi organlar Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobiga ma’lumotlarni kiritishdan bosh tortsa.
2023 yil 1 yanvardan nazorat qiluvchi organlarga «Yagona davlat nazorati» axborot tizimidagi davlat nazorati funksiyalari reyestriga kiritilmagan funksiyalar bo‘yicha tadbirkorlik subektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazish taqiqlanadi. Shuningdek, mazkur qaror bilan «Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subektlari faoliyatida tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom» tasdiqlandi.
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q