Surxondaryo hokimining navbatdagi tarqalgan haqoratli audioyozuviga izoh berildi

Saqlash
17:02 / 07.09.2022 644 0

Surxondaryo viloyati hokimligi viloyat hokimi Toʻra Bobolovning Qiziriq tumani sobiq hokimi, klaster vakili bilan suhbatlashgani tasvirlangan audioyozuvga munosabat bildirdi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov hamda Qiziriq tumanining sobiq hokimi Ilhom Yusupov, tumandagi klaster vakili X.X.ning suhbati audiosi tarqaldi. Hokimlikka koʻra, bu 17-yanvar kuni boʻlib oʻtgan suhbatidan kesib olingan boʻlib, boshqa ovozlar qoʻshilgan holda montaj qilingan.

 

Qayd etilishicha, muloqotdan qariyb 9 oy oʻtgandan soʻng internetga sizdirilayotgan mazkur audioyozuvning 2:07-daqiqasidan 2:10 daqiqasigacha boʻlgan qismidagi oʻta haqoratli soʻzlar viloyat hokimiga tegishli emas. Boʻlib oʻtgan suhbatga guvoh boʻlganlar buni tasdiqlaydi.

 

Tahlillarga koʻra, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 30-avgustdagi “Surxondaryo viloyatida zamonaviy agrosanoat klasterlarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi yuzasidan Qiziriq tumanida xorijiy investitsiyalar ishtirokida masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil qilingan paxta-toʻqimachilik klasteri oʻz majburiyatlarini bajarmay belgilangan loyihalarni amalga oshirmasdan kelgan.

 

Natijada tumanda 2020-yilda 10,5 ming nafar fuqaro qishloq xoʻjaligi sohasida band boʻlgan boʻlsa, muhokama qilingan vaqtda (2021-yil yakuni boʻyicha) 4 ming nafar fuqaro mazkur sohaga qamrab olinib, ularning 6,5 ming nafari ishsiz qoldirilgan. Buning oqibatida tumanda xorijiy davlatlarga ish izlab ketganlar soni oshgan.

 

Shuningdek, klaster tomonidan 2022-yil bahorgi dala ishlarida qatnashishi belgilangan 262 ta chopiq traktori va kultivatorlar hamda 102 ta chigit ekish seyalkalarini taʼmirlash ishlari amalga oshirilmay, oʻz holiga tashlab qoʻyilgan.

 

Viloyat hokimi yuqoridagi holatlarni tahlil qilish jarayonida asabiy holatda qoʻpol soʻzlar ham ishlatib yuborgan. (audioyozuvning 2:07-daqiqasidan 2:10 daqiqasigacha boʻlgan holat bundan mustasno). Taʼkidlanishicha, ushbu muhokamalardan soʻng koʻtarilgan muammoli masalalar boʻyicha zarur chora-tadbirlar belgilangan.

 

“Hudud rivoji uchun jon kuydirayotgan viloyat hokimining ovozini yozib olib, montaj qilib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish orqali uni yomonotliq qilishdan, rahbariyat koʻziga yomon koʻrsatishga urinishdan kimlardir manfaatdor boʻlishi mumkin. Tasavvur qilaylik, bir oila boshligʻi farzandini oila uchun biron muhim ishning uddasidan chiqolmay uni orqaga tortgani uchun jahl ustida koyidi. Xuddi shunday, besh yoki oʻn emas, qariyb 3 million kishining manfaatini taʼminlashga masʼul rahbar ham vaqtida amalga oshirilmagan ish uchun jiddiy toliqqani sabab beixtiyor masʼullarga qattiq gapirib yuborgan boʻlishi mumkin. Bu soʻzlarni montaj qilib, tarmoqda tarqatish bilan shugʻullanish orqali rahbarning ishchanlik qobiliyatiga taʼsir etmoqchi boʻlayotganlar oʻzlarini bugungi islohotlarga xayrixoh shaxs, deya atashga haqli emaslar, bizningcha”, — deyiladi munosabatda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//