Jadidchilikning “ikkinchi taqiq” davrini ham koʻrgan Begali Qosimov xonadonida uy-muzeyi tashkil etiladi

Saqlash
15:30 / 07.09.2022 1270 0

Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov tashabbusi bilan Kasbi tumanining Denov qishlogʻida “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi” Begali Qosimov tugʻilib oʻsgan xonadon uy-muzeyi sifatida tashkil etilmoqda. Bu haqida hokimlik matbuot xizmati xabar bergan.

 

Ilmiy faoliyatini toʻlaligicha jadidlar mavzusiga bagʻishlagan Begali Qosimov 1942-yil mazkur tumanning Denov qishlogʻida tugʻilgan. Adib 10 dan ortiq ilmiy asar, darsliklar, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar muallifidir. U 1993-yildan boshlab Milliy uygʻonish davri adabiyoti kafedrasining mudiri va asoschisi hisoblanadi.

 

 

Adliya vazirining maslahatchisi, bloger Shahnoza Soatova jadidshunos olim Begali Qosimov haqidagi xotiralarini yodga oldi:

 

“Domla jadidshunoslikning nafaqat nazariyachisi, balki mohiyatan oʻsha harakat-falsafaning amaliyotchisi va shaxsan targʻibotchisi ham edi. Begali Qosimovning gʻoyaga fidoyiligi shu darajadaki, jadidchilik davrini tadqiq qilish mutlaq taqiqlangan zamonlarda ham “inqilobiy sheʼriyat”, “maʼrifatparvarlik adabiyoti” degan nomlar bilan qalovini topib jadidlar merosini oʻrgangan va kitoblar nashr ettirgan.

 

Charxi kajraftorning ishini koʻringki, Begali Qosimov umrining soʻnggi yillarida jadidchilikning “ikkinchi taqiq” davrini ham koʻrdi: nimagadir bu davrni asl nomi bilan oʻrganish taqiqlandi. Hatto Begali Qosimovning oʻz nomi ham “qora roʻyxat”ga tushganini aytishadi, sababini domlaning oʻzlari ham aniq bilmasdilar, shekilli. Buni biz bilan muhokama qilmasdilar, hech nima boʻlmagandek ilmni davom ettiraverganlar.

 

Oxirgi marta ustozimni kasalxonada koʻrgan edim. Jismi dard bilan kurashsada, fikri ilmda edi domlaning: ilmiy ishimni gaplashdik, oxirgi maqolalarini soʻradim, hali chiqmadi dedilar. Keyin Begali ustozni koʻrmadim.

 

Bu yil dekabrda ustozim hayot boʻlganlarida 80 ga kirar edilar. Qani endi u kishining yubileylari ham katta sanʼatkorlaru kino arboblarnikidek nishonlansa...” , – deya yozgan u oʻzining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//