“Qadrimga achindim” – Dilnoza Kubayeva “Baron 2 – Sogʻinch” filmidan 321 ming soʻm gonorar oldi

Saqlash
06:59 / 07.09.2022 1664 0

Taniqli aktrisa Dilnoza Kubayeva Oyina.uz muxbiri Inobat Ahatovaga “Baron 2 – Sogʻinch” filmi uchun 300 ming soʻmdan ziyodroq gonorar olganini maʼlum qildi.

 

Oʻzbekiston Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazining telegram kanalida taniqli aktrisa Dilnoza Kubayeva bilan “Video chat” tashkil etildi. Unda Kubayeva Oyina.uz muxbirining film, seriallarda qancha haq evaziga rol oʻynashi, eng koʻp gonorar olgan filmi va “Baron 2 – Sogʻinch” filmida qancha gonorar toʻlangani haqidagi savollarga javob berdi.

 

«Seriallarda rol ijro etmasligimning asosiy sababi ularning birontasida oʻzimni koʻrmayotganimda. Shuningdek, aksariyatida ssenariy yoki ijodiy guruh qoniqtirmaydi. Lekin hech qachon pulni birinchi oʻringa qoʻymaganman. Ammo…

 

Men hammasini ichimga yutadigan, ogʻir-vazmin yoʻlni tanlaydigan ayolman balki shu sababdir “Baron 2 – Sogʻinch”da olgan gonorarim haqida aytgim kelmayapti. U yerda juda xunuk bir holat boʻldi. Biroz kelishmovchilik ham boʻlgan, toʻgʻrisini aytsam ozgina qadrimga achindim. Bu haqida birinchi marotaba aytyapman. Lekin baribir murosa qiladigan xalqmizda. Oʻzbekligimga borib andisha qilib jim ketdim. Lekin yuragimdagi ogʻriq hali ham ketmayapti. Qornimga emas qadrimga yigʻlayapman degan gap bor. Koʻp narsalar “Oʻzbekkino” (hozirgi Oʻzbekiston kinematografiyani rivojlantirish agentligi – tahr.) rahbariyatiga maʼlum boʻlmaydi. Ammo bu tomonlama haq-huquqlarimiz ham poy-mol boʻlyapti.

 

Eng katta olgan gonorarim xususiy filmda boʻlgan boʻlsa kerak. Lekin byudjetga olinadigan kinolardan hech qachon yuqori gonorar olmaganman.

 

Rustam aka Saʼdiyev meni ustozim hisoblanadi. Shu sabab aynan shu kinodan olgan gonorarim sir boʻlib qola qolsin. Bu narxni aytsam hozir hamma «vooy» deya ovoza qilishi aniq. Shu sabab bu meni ichki, ogʻriqli sirim boʻla qolsin», deydi aktrisa.

 

Dilnoza Kubayeva Oyina.uz muxbirining takror soʻrovidan soʻng “Baron 2 – Sogʻinch” filmi uchun olgan gonorari miqdorini maʼlum qildi.

 

«Filmda siz rol ijro etgan sahnalar juda ham kam kabi vajlar bilan 321 ming soʻmdan oshiqroq gonorar oldim. Shu narsa meni 1 oydan buyon ichimni yeydi. Nahotki?! Shunda ham bizlar kinoni yaxshi koʻramiz, baribir kino deymiz. Ammo uyaldim, qadrimga achindim», deydi Kubayeva.

 

Aktrisa film rejissyori Rustam Saʼdiyevga oʻz eʼtirozini bildirgani, biroq biror oʻzgarish boʻlmaganini aytdi.

 

Eslatib oʻtamiz, Dilnoza Kubayeva “Baron” va “Baron 2 – Sogʻinch” filmlarida bosh qahramon Izzatning rafiqasi rolini ijro etgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//