Maktab oshxonalarida “fastfud” tayyorlash va sotish taqiqlangan – SSV

Saqlash
14:09 / 06.09.2022 748 0

Xot-dog, lavash, gamburger, “xrustyashki”, chips, energetik va gazli ichimliklar... Bugungi kun bolalari va hatto yoshlari sevib isteʼmol qiladigan mahsulotlarning kichik bir roʻyxati bu.

 

Biroq ushbu yegulik va ichimliklar salomatlik uchun ziyon. Shu sababli Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti ularni kundalik taomnomadan chiqarishni tavsiya qiladi. Qolaversa, bu turdagi mahsulotlar yurtimizdagi umumtaʼlim muassasalarida ruxsat etilmaydigan oziq-ovqat va taomlar roʻyxatiga kiritilgan.

 

Jumladan, “Umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional taʼlim muassasalarida oʻquvchilar ovqatlanishini tashkil etishning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari”ga koʻra, quyidagilar maktab oshxonalarida tayyorlanishi va sotilishi mumkin emas:

 

– Goʻsht qoʻshilgan, mayonez, ketchup va orasiga sabzavotlar solingan non mahsulotlari (gamburger, chizburger va xot-doglar).

– Sunʼiy taʼm, hid beruvchi moddalar, boʻyoqlar, aromatizatorlar qoʻshilgan qandolatchilik mahsulotlari.

– Sunʼiy konservantlari boʻlgan “kiriyeshki”, “xrustyashki” va chipslar.

– Rangli va rangsiz gazlangan ichimliklar.

– Veterinariya nazoratidan oʻtmagan goʻsht, baliq, parrandalar; jigar, til va yurakdan tashqari barcha kalla-poychalar.

– Tashqi qavati toza boʻlmagan, singan, zarur talablarga javob bermaydigan tuxumlar.

– Bankalarning germetikligi buzilgan, bombajli, zanglagan, shakli oʻzgargan, yorligʻi boʻlmagan va ishlab chiqarish vaqti hamda yaroqlilik muddati belgilanmagan konservalar.

– Turli aralashmalar bilan yoki ombordagi zararkunandalar bilan zararlangan yorma, un, quritilgan mevalar va boshqa mahsulotlar.

– Kremli qandolat mahsulotlari (tort va pishiriqlar).

– Xolodes, parranda va tuyoqli hayvonlar oyogʻidan tayyorlangan hamda kalla goʻshti ruletlari, oʻpka-jigarli va qondan qilingan kolbasalar.

– Pasterizatsiya qilinmagan (flyagadagi) tvorog, termik ishlov berilmagan, idishda saqlangan tvorog va qaymoq; qoʻlbola qatiq; epizootik noxush xoʻjaliklardan olingan, shuningdek, dastlabki ishlov berilmagan va pasterizatsiya qilinmagan sut va sut mahsulotlari; qimiz va tarkibida etanol boʻlgan (0,5 foizdan ortiq) boshqa achitilgan sutli mahsulotlar.

– Qoʻziqorinlar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar.

– Kvas.

– Xom dudlangan goʻshtli gastronomik mahsulotlar va kolbasalar, shu jumladan, qaynatilgan kolbasa.

– Sirka, xantal, xren, oʻtkir qalampir (qizil, qora) va boshqa oʻtkir ziravorlar.

– Oʻtkir taʼmli souslar, ketchuplar, mayonez, konservalar, marinadlangan sabzavot va mevalar.

– Tabiiy kofe, tetiklantiruvchi va quvvatni oshiruvchi energetik ichimliklar, alkogol.

– Pazandalik moylari, choʻchqa yogʻi, margarin va boshqa gidrogen yogʻlar.

– Danakli mevalarning magʻzi, saqich, meva va rezavorlilardan tayyorlangan yaxna ichimliklar va morslar (termik ishlovsiz).

– Okroshka va sovuq shoʻrvalar, yogʻda qovurilgan tuxum, pashtet, goʻsht va tvorogli quymoqlar.

– Tez tayyorlanadigan quruq oziq-ovqat konsentratlari asosidagi birinchi va ikkinchi taomlar maktab oshxonalarida boʻlishi taqiqlanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish