Jamiyat
5-sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi yigʻilishida davlat byudjetining 2022-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi koʻrib chiqildi. Bu haqida quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, hisobot davrida davlat byudjetidan atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik muammolarni bartaraf etish, aholi punktlarini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash va oqova suv tizimini yaxshilash ishlari qilingan. Buning uchun 2022-yilning birinchi yarim yilligida ekologiya va atrof-muhit muhofazasi tadbirlari uchun davlat byudjetidan jami 1 trln 942 mlrd soʻm yoʻnaltirilgan.
Mablagʻlar atmosfera havosi muhofazasiga, suv va yer resurslarini muhofaza qilishga, oʻsimlik va hayvonot dunyosi muhofazasiga, Orolboʻyi mintaqasida amalga oshirilayotgan ekologik tadbirlarga, yerlarni suv va shamol eroziyasidan saqlashga va yerlar rekultivatsiyasiga sarflangan.
Shuningdek, koʻrib chiqilgan davrda respublika aholi punktlarini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash va oqava suv tizimlarini yaxshilash dasturlarni amalga oshirish boʻyicha 173 ta obyektlarga 1 trln 131 mlrd soʻm mablagʻlar moliyalashtirib berilgan.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga asosan amalga oshiriladigan loyihalar doirasida 4 550 ta obyektlar uchun 3 trln soʻm, jumladan, 4 179 ta ichki yoʻllarga 2 trln soʻm, 371 ta ichimlik suvi tarmoqlari va inshootlarini qurish-taʼmirlash ishlari uchun 1 trln soʻm mablagʻ ajratilgan. Birinchi yarim yillik yakuniga koʻra 3 557 ta obyektlarga qurilish taʼmirlash ishlarining xajmidan kelib chiqib 1 trln 112 mlrd soʻm mablagʻ moliyalashtirilgan.
Yigʻilishda davlat byudjeti mablagʻlari masʼul vazirlik va idoralar tomonidan har doim ham samarali va oʻz vaqtida bajarilmasligi, ajratilgan mablagʻlar oʻzlashtirilmay qolayotgani deputatlarning eʼtirozlariga sabab boʻldi, deyiladi xabarda.
Shundan kelib chiqib, byudjet intizomiga rioya qilish, davlat byudjeti mablagʻlarini maqsadli sarflash ustidan nazoratni muntazam olib borish lozimligi aytildi.
Yigʻilishd yakunida davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2022-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi yuzasidan hisobot maʼqullandi.
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q