Siyosat
Hayotimda ko‘p saylovlarni ko‘rdim, har bir o‘tgan saylov o‘z davrining ruhini aks ettiradi, o‘ziga xos jihatlari bilan ajralib turadi.
Xuddi shunday, bu yilgi Prezidentlik saylovi ham O‘zbekiston tarixida o‘ziga xos jihatlari bilan muhrlanib qoladi.
Ertalabdan turib men ham el qatori konstitusion huquqimdan foydalanib, mahallamizda joylashgan 51-saylov uchastkasida ayolim bilan o‘zimiz tanlagan nomzodga ovoz berib keldik, u yerda mahalladoshlarni ko‘rib biroz suhbat qurdik va uyga kelib bugungi o‘tayotgan Prezident saylovi haqida ba’zi mulohazalarimni bildirgim keldi.
Birinchidan, bu saylov kampaniyasi xolislik, ochiqlik va oshkoralik ruhida o‘tmoqda.
Saylov jarayonida nafaqat O‘zbekiston aholisi, balki ijtimoiy tarmoqlar orqali butun dunyodan odamlar ishtirok etdi, kimdir bizni qo‘llab quvvatlasa, kimdir tanqid qildi, kimdir butun dunyoga ayuhannos solib saylovni bekor qilishga urindi! Ammo o‘z haqini tanigan, o‘zining yangi dunyoqarashiga ega bo‘lgan xalqimizni bunday urinishlar ko‘zlagan maqsadimizdan chalg‘ita olmadi, buni bugungi saylovchilarning faolligi va tetik kayfiyati ham ko‘rsatib turibdi.
Ikkinchidan, saylov siyosiy partiyalar nomzodlarining raqobat qilishga ko‘nikmalari shakllanganini ko‘rsatdi, jamiyatda qo‘rquv hissining chekinayotgani, erkin fikrlash, erkin mustaqil munosabat bildirish, mustaqil tanlov qilaolish imkoniyatlarining tobora kuchayib borayotganligi - bu kunimizning muhim belgisi sifatida namoyon bo‘ldi.
Uchinchidan, saylov kampaniyasi milliy saylov qonunchiligimiz, Saylov kodeksi talablari asosida bo‘lib o‘tmoqda. Partiyalar nomzodlariga targ‘ibot ishlari uchun davlat telekanallaridan bir xilda efir vaqti ajratildi. Matbuotda ham teppa-teng imkoniyat berildi. Nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlariga ham teng sharoitlar yaratildi, qizg‘in debatlar o‘tkazildi.
To‘rtinchidan, ishonch bilan aytishim mumkinki, O‘zbekiston Prezidenti saylovi umume’tirof etilgan xalqaro standartlar hamda demokratik tamoyillar asosida, ochiq-oshkora o‘tkazilmoqda va xalqaro maydonda ham katta qiziqish uyg‘otdi. Misol uchun, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti O‘zbekistondagi Prezident saylovini kuzatish uchun yurtimizga to‘laqonli kuzatuvchilar guruhini yubordi va ushbu omil ham saylov umume’tirof etilgan mezonlar va demokratiya tamoyillariga sodiq holda o‘tkazilishiga katta umid bildirilganining yaqqol ifodasi bo‘ldi. Chunki, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti barcha davlatlarga ham saylovni kuzatish uchun to‘liq tarkibli guruhni yuboravermaydi. MDH, MDH Parlamentlararo Assambleyasi, SHHT, Turkiy tilli davlatlar Hamkorlik Kengashi kuzatuvchilari va boshqa qator davlatlar hamda tashkilotlardan kuzatuvchilar missiyasining tashrif buyurib, saylovni kuzatayotganligi ham mamlakatimiz imidjining yuqoriligidan dalolat beradi.
Beshinchidan, meni juda quvontirgani saylovchilarga nisbatan hurmat e’tiborning oshgani. Markaziy saylov komissiyasi saylovni o‘tkazishga juda katta tayyorgarlik ko‘rgan. Har bir saylovchining uyiga yuqori sifat va dizayn bilan bezatilgan, saylov uchastkaning manzili, telefoni va soat nechaga qadar ovoz berish mumkinligi ko‘rsatilgan chiroyli taklifnoma yuborildiki, bu har qanday odamni ruhlantirib yuboradi, saylov uchastkasiga borishga chorlaydi. Xullas, saylovning nafaqat targ‘ibot tashviqot, balki tashkiliy jihati ham avvalgi saylovlardan o‘zining yuqori siyosiy madaniy darajasi bilan farq qiladi desam xato bo‘lmasa kerak.
Bir so‘z bilan aytganda, Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlari xalqaro va milliy qonunchilik, demokratik talablariga to‘liq rioya etilgan holda o‘tkazilmoqda.
Ishonamanki, qonuniy, xolis, ochiq-oshkora va shaffof o‘tayotgan Prezident saylovi mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga, eng asosiysi, jonajon O‘zbekistonimizni yanada taraqqiy ettirishga, xalqimiz kelajagi va bugungi kuni yanada porloq bo‘lishiga xizmat qiladi.
Saylovchi Ismoil Saifnazarov
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q