Bu yil ilk bor og‘ir jinoyat qilmagan mahkumlar Prezident saylovida ovoz beradi

Saqlash
20:55 / 24.10.2021 983 0

Saylov mamlakat rivoji uchun ham, xalqimiz kelajagi uchun ham muhim hodisa hisoblanadi. Bu jarayonda eng muhim jihatlardan biri esa bu xavfsizlikni ta’minlashdir.

Shu ma'noda 24-oktabr kuni Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida Ichki ishlar vaziri  Po‘lat Bobojonov ishtirokida Matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. 

Vazir o‘z so‘zida saylov kuni xavfsizlikni ta’minlash va qonun buzilishlarini oldini olish borasida tezkor choralarni ko‘rish uchun ichki ishlar organlarida tuzilgan navbatchilik hamda qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida ovoz berish jarayonlari to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tdi.

Qayd etilganidek, Saylov Kodeksining 49-moddasiga asosan Jamoat tartibini saqlash, saylov o‘tkaziladigan binolar va joylarni qo‘riqlash, shuningdek, saylov natijalariga doir hujjatlarni tashish chog‘ida uchastka saylov komissiyalari a’zolarini kuzatib borish tegishli vakolatli organlarning zimmasiga yuklatilishi belgilangan. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi tomonidan saylov okruglari va uchastkalari hududlarini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tadbirlar Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Takidlash joiz, saylov o‘tkaziladigan binolarda xavfsizlik nuqtai nazaridan barcha zaruriy choralar ko‘rildi. Bundan tashqari, har bir saylov uchastkasi binosi atrofida hududiy profilaktika inspektorlari, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va yo‘l-patrul xizmati xodimlarining xizmati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, har bir saylov uchastka binosida tibbiyot xodimlarining ham navbatchiligi tashkil etildi.

Prezident saylovida ilk bor uncha og‘ir bo‘lmagan yoki ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etgani uchun jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar ham ishtirok etmoqda. Jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalaridagi saylovchilarning ovoz berish huquqi to‘liq ta’minlanadi.

Ovoz berish yakunlanganidan so‘ng uchastka saylov komissiyasining bayonnomalari ham alohida kuzatuv bilan okrug saylov komissiyalariga yetkazib borilishi ta’minlanadi.

Ma'lumot uchun, soat 13:00 ga qadar yig’ilgan ma'lumotlarga ko’ra, 10 462 575 nafar fuqaro, umumiy saylovchilarning 52.7 foizi saylovda ovoz berdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//