Saylov jarayonini yanada takomillashtirishning eng muhim yo‘nalishlaridan biri – raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hisoblanadi

Saqlash
21:19 / 23.10.2021 965 0

23-oktabr kuni Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi axborot kommunikasiyalari va texnologiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Bugungi kunga kelib zamonaviy axborot texnologiyalarining saylov jarayoniga ta’siri ham sezilarli darajada oshdi. So‘nggi yillarda saylov amaliyotida axborot-kommunikasiya texnologiyalarining yangi imkoniyatlaridan foydalanish bo‘yicha muayyan tajriba to‘plandi. Bu fuqarolar saylov huquqlarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi hamda milliy qonunchilikka, xalqaro saylov standartlariga muvofiq amalda ta’minlanishiga zamin yaratmoqda.

Ma’lumot uchun aytib o‘tish joiz, 2019 yildagi Parlament saylovlarida 60 ta saylov uchastkasiga 120 ta videokuzatuv kamerasi va zaruriy qurilmalar “UNICON.UZ” DUK tomonidan o‘rnatilgan edi.

Bugungi kunda horijiy tajriba hamda mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, joriy yil 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida har bir tuman va shahardagi bittadan namunaviy saylov uchastkasida 2 tadan kamera hamda zaruriy qurilmalarni o‘rnatish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Aniq raqamlarni keltiradigan bo‘lsak, 207 ta tuman va shaharda jami 414 ta kuzatuv kamerasi o‘rnatilishi belgilangan. Bu esa 2019 yildagiga nisbatan 147% ko‘p deganidir.

414 ta videokuzatuv kamerasi o‘rnatiladigan 207 ta saylov uchastkasi mahalliy hokimliklar hamda Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda tanlab olingan bo‘lib, ularning ro‘yxatlari shakllantirilgan. Saylov uchastkasini ro‘yxatga olishda u yerda optik tolali internet aloqasi mavjudligiga alohida e’tibor qaratilgan.

Mazkur choralarni moliyalashtirish masalasi saylov kampaniyasining xarajatlar smetasida nazarda tutilgan bo‘lib, ularni saylovga ajratilgan mablag‘lar hisobidan qoplash belgilangan.

Ayni kunga qadar ro‘yxatga kiritilgan barcha saylov uchaskasiga videokuzatuv kameralari o‘rnatilib, ovoz berish jarayoni Markaziy saylov komissiyasining Saylov2021.uz saylov portali orqali, Matbuot markazidagi katta hajmdagi monitorda, “O‘zbekiston 24” telekanali hamda Markaziy saylov komissiyasi binosida onlayn translyasiya qilib boriladi. Translyasiya vaqti saylov kuni soat 8.00 dan 20.00 gacha etib belgilangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//