Madaniyat
Oʻzbekiston insoniyat tamaddunining qadim beshiklaridan biridir. Namangan viloyatida kashf etilgan yana bir tarixiy yodgorlik buni ilmiy jihatdan isbotlash, arxeologiya fanini yangi maʼlumotlar bilan boyitish barobarida mamlakatimiz turizm salohiyatini yuksaltirishga ham hissa qoʻshishi mumkin.
Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan “Ichki va xalqaro turizmning «Uchtepa-Buloqmozor” majmuasi arxeologik yodgorliklarini oʻrganish va ularni moviy osmon ostidagi muzeyga aylantirish» mavzusidagi amaliy loyiha doirasida Norin tumanida zardushtiylik davriga oid qadimiy ibodatxona aniqlandi. Bu haqida vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Akademik Ahmadali Asqarov boshchiligidagi ilmiy jamoa qazish ishlari davomida qadimgi tosh davriga oid, hududda zardushtiylik qarashlari va islom dinining keng tarqalishi bilan bogʻliq oʻta noyob topilmalar hamda ibodatxonani kashf qildilar.
Innovatsion rivojlanish vazirligining Ilmiy va innovatsion faoliyatga oid dasturlarni shakllantirish va monitoring qilish boshqarmasi boshligʻi Shuhrat Otajonov boshchiligidagi ishchi guruh tadqiqot olib borilayotgan obyektda boʻlib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
“Biz qazishma ishlarini olib borishdan avval tepalik ostida qadimiy hukmdorning qabri va oʻsha davr anʼanalariga koʻra unga qoʻshib koʻmilgan boyliklar boʻlsa kerak, deb taxmin qilgandik. Natijalar biz kutgandan ham aʼlo boʻldi – qoʻlga kiritgan manbalarimizning ilmiy qimmati va ahamiyati beqiyos”, deydi akademik A.Asqarov.
Darhaqiqat, olis tarixdan guvohlik beruvchi koʻhna yodgorlik hududda shaharsozlik, tasviriy sanʼat, ilmiy-falsafiy dunyoqarash, yozuv madaniyati juda qadimdan rivojlanganligidan dalolat beradi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan va 2019-2020-yillarda amalga oshirilgan – “Axsikent Qoraxoniylar davri (XI-XII asrlar) tarixiy topografiyasi va uning turizm obyektiga aylantirish” mavzusidagi loyiha ham ijobiy yakunlangan edi. Namangan viloyatida joylashgan bunday tarixiy yodgorliklar va ochiq osmon ostidagi muzeylar silsilasida turizm yoʻnalishlarini yaratib, mamlakatimizning ichki va xalqaro miqyosdagi turistik salohiyatini yuksaltirish imkoniyati mavjud.
“Uchtepa-Buloqmozor” yodgorligi, u yerdan topilgan boshsiz rohiba, kutvol (shahar hokimi) xotini va bolasining qoldiqlari, olovi oʻchmaydigan oʻchoqlar haqidagi suhbat-maqola tez kunlarda eʼtiboringizga havola etiladi.
Jamiyat
Siyosat
Siyosat
Siyosat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q