Nodirbek Abdusattorov London Chess Classic 2025 turniri g‘olibi bo‘ldi

Saqlash
10:37 / 05.12.2025 49 0

Buyuk Britaniyaning London shahridagi Emirates Stadium majmuasida shaxmat bo‘yicha London Chess Classic 2025 turnirining 8-tur o‘yinlari o‘tkazildi.

 

Qayd etilishicha, mukofot jamg‘armasi 50 ming funt sterlingni tashkil etgan. Ushbu nufuzli musobaqada dunyoning eng kuchli 10 nafar shaxmatchilari qatorida o‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov ham bosh sovrin uchun kurash olib bordi. Birinchi turda britaniyalik shaxmatchi Gavayn Jons bilan durang o‘ynagan Abdusattorov ketma-ket oltita o‘yinda g‘alaba va bitta bahsda durangga erishdi hamda muddatidan avval musobaqa g‘olibligini qo‘lga kiritdi.

 

O‘zbekistonlik shaxmatchi Abdusattorov ikkinchi turda oq donalarda AQSH sharafini himoya qilayotgan hindistonlik Mishra Abximanyuni, uchinchi turda qora donalarda Angliya sharafini himoya qilayotgan rossiyalik grossmeyster Nikita Vityugovni, to‘rtinchi turda 54 yoshli britaniyalik shaxmatchi Maykl Adamsni, beshinchi turda gretsiyalik Nikolas Teodoruni, oltinchi turda qora donalarda AQSH chempioni Sem Shenklendni, yettinchi turda oq donalarda britaniyalik Lyuk Maksheynni mag‘lub etdi.

 

Sakkizinchi turda Fransiya sharafini himoya qilayotgan Alireza Firuzja bilan durang qayd etdi. Bugungi bahsga qadar Abdusattorov turnir jadvalida 6,5 ochko bilan yakka peshqadamlikni davom ettirayotgan edi. 8-turda eng yaqin ta’qibchi va musobaqada birinchi raqam ostida saralangan fransiyalik Alireza Firuzjaga qarshi qora donalarda bahs olib bordi va durang qayd etdi.

 

Abdusattorov 8 imkoniyatdan 7 ochko jamg‘argan holda musobaqa yakunlanishiga bir tur qolganda chempionlikni rasmiylashtirdi. 2-o‘rindagi Firuzjada 5 ochko mavjud va so‘nggi tur oldida 2 ochkolik farq saqlanib qoldi. Shu tariqa Nodirbek so‘nggi tur oldidan London Chess Classic 2025 turniri g‘olibligini rasmiylashtirdi.

 

Nodirbek Abdusattorov FIDE Jahon kubogidagi muvaffaqiyatsiz ishtirokidan so‘ng 18,4 reyting ochkolarini yo‘qotgan bo‘lsa, London Chess Classic turniridagi g‘alabadan so‘ng reytinggini 20 ochkoga yaxshiladi va onlayn jadvalida 22-o‘rindan 12-o‘ringa ko‘tarilib oldi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//