“Booknomy”ning koreys tili kurslari tanqid qilindi

Saqlash
11:10 / 22.10.2021 1997 0

Reklamalari TVda tez-tez aylanayotgan “Booknomy” kompaniyasining kitoblari haqida shu vaqtgacha mutaxassislar tomonidan turli fikrlar bildirib kelingan. Kuni kecha Facebook tarmog‘i foydalanuvchisi, tarjimon Otabek Yo‘ldoshev kompaniyaning koreys tilini o‘rgatuvchi til kursiga nisbatan o‘z e’tirozlarini bildirib o‘tdi:

“Tirikchilikning aybi yo‘q, lekin ta’limga savodsiz biznesmenlarni aralashtirmanglar. “Buknomi”, “Buknomi”, deb reklama qilib yotishibdi. Koreys tilini 6 oyda (!) boshingizga quyib qo‘yishni bildirayotgan Booknomy’ni ozgina ko‘rib chiqdim. (Darvoqe, men koreys tilini 20 yildan beri o‘qib-o‘rganaman, lekin zo‘r bilaman deyishga tortinaman).

Xullas, janob yoki xonim buknomichilar, sizga e’tirozim ko‘p: mana bu o‘rinda “Su yong” so‘zi ismni anglatmaydi. To‘g‘ri, Su Yong degan ism bor koreyslarda. Lekin bu o‘rinda ism ma’nosida kelmagan. Agar sal fikrlasangiz koreys tilida “su yong” so‘zi “(suvda) suzmoq” ma’nosini anglatishini bilardingiz. “Su Yongni mashq qildirmagan edi” emas, “Suzish mashqini bajarmadi” bo‘ladi. Bu boshlanishi, xolos. Shu xatolikni ko‘rdimu taqa-taq to‘xtatdim. Iltimos, tilni yaxshi bilmasangiz, bunday narsalarni chiqarib o‘tirmang”.

“Booknomy” kompaniyasi o‘z saytida ushbu metodika 2016-yilda ishlab chiqilgani va 2017-yilda 100 foiz o‘quvchilar tillarda erkin gaplashganini yozib qo‘ygan:

“Endi kompaniyamiz til o‘rganuvchilarga 100 foizlik kafolat beradi. Ya’ni siz Booknomy til kitoblari orqali 6 oy davomida ingliz, rus, arab, turk yoki koreys tillarini o‘rganib 100 foiz erkin avtomatik gapirasiz. Agar kutilgan natijaga erisha olmasangiz pulingizni to‘liq qaytarib beramiz”.

Ma’lumot uchun, hozirda 50 foiz chegirma bilan til kurslarini 550 ming so‘mga harid qilish mumkin ekan. Ammo olti oy ichida uni harid qilganlar yuqorida sanab o‘tilgan tillarning birortasini to‘liq o‘rganishga erishdimi? Hozircha bu haqda hech kimdan eshitmadik. Agar sizda ushbu til kurslari haqda fikrlaringiz bo‘lsa, bizga yozib yuboring.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish