Hindiston Saylov komissiyasi raisi Sushil Chandra mamlakatimizga tashrif buyurdi

Saqlash
23:18 / 21.10.2021 894 0

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi taklifiga binoan Hindiston Saylov komissiyasi raisi Sushil Chandra boshchiligidagi delegasiya mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovini kuzatish maqsadida yurtimizga tashrif buyurdi. 


Joriy yil 21-oktabr kuni Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizamxodjayevning Hindiston Saylov komissiyasi raisi Sushil Chandra bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida mexmonlarga O‘zbekistondagi saylov tizimi, saylov qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan amaliy ishlar xususida ma’lumotlar berildi. 


Qayd etilganidek, prezident sayloviga puxta tayyorgarlik ko‘rish, uni umume’tirof etilgan xalqaro tamoyillar asosida o‘tkazish bevosita saylov komissiyalari a’zolarining milliy saylov qonunchiligi va xalqaro saylov standartlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishga bog‘liq. Shu munosabat bilan saylov tashkilotchilari bir necha bosqichda saylov qonunchiligi bo‘yicha yetakchi olimlar, mahalliy oliy o‘quv yurtlari professorlari, tajribali ekspertlar tomonidan o‘qitildi. 


Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarning yana bir muhim jihati shundaki, siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqoti uchun ajratilgan mablag‘lardan foydalanishning shaffofligini ta’minlash maqsadida ular tomonidan saylovdan oldin oraliq va saylovdan so‘ng yakuniy moliyaviy hisobotlar, qolaversa, Hisob palatasining partiyalar faoliyatini tekshirish natijalarini e’lon qilish tartibi joriy etildi.


Uchrashuvda Hindiston Saylov komissiyasi raisi Sushil Chandra O‘zbekistonda saylov qonunchiligini takomillashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalarni ijobiy baholadi. Shuningdek, O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi va Hindiston Saylov komissiyasi o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish masalalariga ham to‘xtaldi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//