Jamiyat
19-avgustda Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining 69 sessiyasi boʻlib oʻtdi. Unda biomertik maʼlumotlarga asoslangan yuzni aniqlash va nazorat qilish kompleks tizimini joriy etish konsepsiyasi muhokama qilindi va bir ovozdan maʼqullandi.
Loyihani IIB Kiberxavfsizlik markazi vakili Shavkat Fayziyev taqdimot qildi. Uning soʻzlariga koʻra, konsepsiya Prezidentning 2021-yil 28-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi oʻrtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi [PQ-67-sonli] qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.
Ushbu hujjat doirasida tomonlar hamkorlikning uch muhim yoʻnalishini belgilab olishgan:
– raqamlashtirish;
– “yashil” iqtisodiyot;
– kuchli ijtimoiy siyosat masalalari.
Kiberxavfsizlik markazi vakilining soʻzlariga koʻra, tizim dastlavval Toshkent shahrida ishga tushiriladi.
Shavkat Fayziyevning qayd etishicha, tizimni joriy etish aholi salomatligini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega, “chunki harorati yuqori boʻlgan, yuqumli kasalliklarga chalingan yoki sogʻligi toʻsatdan yomonlashgan shaxslarni avtomatik aniqlash imkoniyati hozirda mavjud emas”.
“Pandemiya davrida biz biometrik yuzni tanish tizimiga ega boʻlgan mamlakatlarda ushbu tizim kasallik tarqalishining oldini olishda muhim rol oʻynaganiga guvoh boʻldik. Misol uchun, termal datchikli kameralar yuqori haroratli odamlarni aniqlash va ularni izolyatsiya qilishga yordam berdi”, — dedi u.
Markaz vakilining soʻzlariga koʻra, tizim jamoat xavfsizligini taʼminlash, jumladan, tartibsizliklarning oldindan koʻra bilish, ularning tashkilotchilari va faol ishtirokchilarini masofadan turib aniqlashda ham muhim ahamiyatga ega. Hozirda bunday mexanizm yoʻq, deya qayd etilgan loyiha taqdimotida.
Bundan tashqari, loyiha huquqbuzarliklarning oldini olishga, shuningdek bedarak yoʻqolgan, qidiruvda boʻlgan shaxslarni, qarzdorlarni qidirishga koʻmaklashish, shartli va profilaktik hisobda turgan shaxslarni, tan jarohati yetkazish va bezorilik holatlarini aniqlashga qaratilgan.
Kiberxavfsizlik markazi vakili ekstremist va terroristlarni aniqlashda psixologik portretni shakllantirish tizimining (profayling) haligacha yoʻqligini ham qayd etdi.
Shuningdek, Shavkat Fayziyev tizim Oʻzbekistonda yuzni tanishdan foydalangan holda kontaktsiz toʻlovlar amalga oshirishda sodir boʻlishi mumkin boʻlgan soxtalashtirish jarayonlarini (Deepfake) ham aniqlashga yordam berishini taʼkidladi.
Uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistonda 179,6 mingdan ortiq kameralar faoliyat koʻrsatmoqda, shundan 177,1 mingdan ortigʻi statsionar, 1233 tasi PTZ kameralari (aylantirish, burish va kattalashtirish uchun harakatlantiruvchi tizim bilan jihozlangan), 658 tasi davlat raqamlarini aniqlash boʻyicha kameralari, 604 tasi yuzlarni tanib olishga moʻljallangan.
Maʼlumotlarni shaxsiylashtirish markazi 29 milliondan oshiqroq (35,27 million aholidan), shu jumladan 16 yoshdan oshgan 24,38 million shaxsning pasport maʼlumotlari va biometrik tasvirlarini roʻyxatdan oʻtkazib boʻlgan.
Shavkat Fayziyev dasturiy tizim va zarur jihozlar, jumladan, issiqlik datchigi mavjud 180 ta kamera xarid qilish uchun Janubiy Koreyaning Eksimbankidan 7 million dollarlik imtiyozli kredit jalb qilinayotganini aytib oʻtdi. Kredit mablagʻi 0 foiz miqdorda olinishi koʻzda tutilgan.
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q