Adiblar xiyobonida chet ellik talabalar o‘zbek tilida qo‘shiq kuyladi

Saqlash
15:38 / 21.10.2021 1069 0

Ayni damda Adiblar xiyobonida 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati “Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan, Ona tilim!” mavzusida bo‘lib o‘tyapti.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Bekzod Musayev, Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari Abdug‘affor Qirg‘izboyev, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov, Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, shuningdek bir qator ijodkorlar, olimlar, tarixchilar, xorijlik mehmonlar ishtirok etishmoqda.

Tadbirni ochib bergan Abdug‘affor Qirg‘izboyev Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish departamentida qilingan ishlar bo‘yicha ma’lumot berib, kutilayotgan rejalar haqda ham so‘zlab o‘tdi:

- Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan - o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va milliy davlatchiligimiz timsoli, buyuk qadriyat sifatida e’zozlanadi. Davlat tiliga oid barcha ma’lumotlarni o‘zida jamlagan o‘zbek tili milliy kodeksini yaratish, ona tilimizni internet tarmog‘ida ommalashtirish va ushbu makonda mustahkam o‘rin egallashini ta’minlash, dasturiy mahsulotlarning o‘zbekcha ilovalari yaratish ishlarini jadallashtirish kabi kelgusidagi vazifalarimiz ham belgilab qo‘yilgan.  

Shundan keyin Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid o‘zbek tili bayrami bilan yurtdoshlarimizni qutladi. O‘zbekiston qahramoni Munojat Yo‘lchiyeva diltortаr qo‘shiqlari bilan yig‘ilganlarga xush kayfiyat ulashdi. Chet ellik talabalarning o‘zbek tilida kuylagani esa yig‘ilganlarga kutilmagan tuhfa bo‘ldi. So‘ngra tadbir ishtirokchilari Alisher Navoiy haykali poyiga guldasta qo‘yishdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//