Mirziyoyev Madinani ziyorat qilib yurgan oʻzbekistonliklar bilan suhbatlashdi

Saqlash
14:45 / 18.08.2022 826 0

Avvalroq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev musulmonlarning muqaddas ziyoratgohlaridan biri – Masjidun Nabaviyni ziyorat qilgani haqida xabar bergan edik.

 


Prezident Matbuot xizmatining xabar berishicha, Shavkat Mirziyoyev Muhammad (s.a.v.)ning siyratlari va islom sivilizatsiyasi muzeyi bilan ham tanishgan.

 

 

Prezident muzeyni koʻzdan kechirish asnosida saudiyalik olimlar bilan Islom dini tarixi, oʻzbek va arab xalqlarini bogʻlovchi rishtalar haqida fikr almashgan.

 

 

Doktor shayx Nosir Zahroniy muzeydagi maʼlumotlar buyuk shaxslar – Imom Buxoriy va Imom Termiziy asarlaridan olinganini aytgan. Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonda bu ulugʻ allomalar nomi bilan ilmiy markazlar tashkil qilingani, islom madaniyati obidalari asrab-avaylanayotganini taʼkidlab, olimlarni mamlakatga taklif qilgan.

 

Davlat rahbari Madinani ziyorat qilib yurgan oʻzbekistonliklar bilan ham suhbatlashgan. Shundan soʻng, Jidda shahriga joʻnab ketgan.

 

 

Maʼlumot uchun, Madina islom tarixidagi eng muhim shaharlardan biri. Paygʻambar Muhammad (s.a.v.) 622-yilda bu yerga koʻchib kelgan. Qurʼoni karimning eng katta suralari shu yerda nozil boʻlgan.

 

 

Masjidun Nabaviy paygʻambarning uyi atrofida qurilgan ulkan masjiddir. Bu yerda Rasulullohning hamda buyuk sahobalar – Abu Bakr Siddiq va Umar ibn Xattobning qabrlari bor. Yuksak hurmat yuzasidan bu joy “Hujrai saodat” deb ataladi.

 

 

 

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//