Italiyada o‘tkazilgan bolalar xalqaro musiqa festivalida yurtdoshimiz 1-o‘rinni egalladi

Saqlash
15:11 / 20.10.2021 1099 0

Italiyaning San-Remo shahrida o‘tkazilgan «Sanremo Junior» bolalar xalqaro musiqa festivalida 11 yoshli yurtdoshimiz Sofiya Singx Gill birinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi. Ushbu festivalda turli mamlakatlardan 22 ta ishtirokchi qatnashdi. Gran pri esa 14 yoshli belorus qiz Kseniya Galeskayaga nasib qildi.

O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasidan ma’lum qilishlaricha, mazkur musiqiy tanlovda mamlakatimiz vakili ilk bor o‘z iste’dodini namoyon etdi. Yosh musiqachi shu kunga qadar qator xalqaro musobaqalarda qatnashgan. Hozir u Toshkent xalqaro maktabining 6-sinfida o‘qiydi.

Ma’lumot uchun, «Sanremo Junior»  YUNISEF  va San-Remo ma’muriyati homiyligida 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida  o‘tkaziladigan mashhur xalqaro musiqa festivallaridan biri hisoblanadi. Tanlov ishtirokchilari mashhur «Ariston» teatri sahnasida o‘z mahoratini namoyish etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.  Mazkur  teatr sahnasida San-Remo musiqa festivali bo‘lib o‘tadi. Jahonning mashhur vokal ijrochilari Adriano Chelentano, Toto Kutuno, Eros Ramazotti va boshqalar aynan shu sahnada katta ijodiy faoliyat sari yo‘l olgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//