Madaniyat
Kuni kecha Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonada O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda shoir Shuhrat Orif hamda xonanda Shuhrat Daryo bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda xalqimizning sevimli ijodkorlari va kitobxon talabalar ishtirok etishdi. Ijodiy uchrashuvda shoir she’rlari tinglandi, xonanda qo‘shiqlariga jo‘r bo‘lindi. Shuningdek, uchrashuvga kelgan talabalar ham she’riy mashqlaridan o‘qishdi, yosh san’atkorlar esa o‘z qo‘shiqlaridan kuylab berishdi. Nazm va navo kechasi raqsga ulanib ketdi.
Jurnalist Sharofiddin To‘laganov ijodiy uchrashuv haqda o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi: “Ijodiy uchrashuvlarda asosan kun qahramonlari bo‘lmish «kecha egalari»iga e’tibor qaratiladi. Bu an’anani Shuhrat Orifning o‘zi buzdi. U zalga qarata 15 yoshida Yozuvchilar uyushmasiga a’zo bo‘lganini, shaxsan Abdulla Oripov, Muhammad Yusuflarning nazariga tushganini, shu sababli bu yerga to‘planganlar nafaqat savol berishlari, balki o‘z ijodlaridan namunalar o‘qib berishlari mumkinligini aytdi. Bundan yoshlar ilhomlanib ketishdi shekilli, birin-ketin o‘zlarining she’rlarini o‘qib bera boshlashdi. Ikki soat qanday o‘tganini bilmay qolibman. Ammo hech kimning, hatto 60 yoshga yaqinlashib qolgan kaminaning ham ketgisi yo‘q edi”.
Nurxon Elmirzayeva, ijodkor: “Hamshaharim Shuhrat Daryoning qo‘shiqlari va samimiyatini sevmaydigan inson topilmasa kerak. Biror ijrosi yo‘qki eshitayotib o‘tkazib yuborsang. Kursdoshim Shuhrat Orif nafaqat betakror, hassos ijodkor, oqibatli do‘st hamdir. Ustozlarni ziyorat qilish, bemor yaqinlardan xabar olish, do‘stlar yig‘inlari, hamma-hammasida peshqadam. Boshingizga tashvish tushganida ham yugurib yeluvchi oqibatli zamondosh. Ikki qadrdonimizning bugungi ijodiy uchrashuvlarida men ikki karra suyunib, faxrlanib o‘tirdim. She’riyat va san’at muxlislarining chinakam bayrami bo‘ldi”.
Uchrashuvdan so‘ng Shuhrat Orif “Men asli odammas, yor edim” nomli kitobidan muxlislariga tuhfa qildi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q