Siyosat
Oʻzbekistonda advokatlar ham sud-ekspertizasi tayinlash huquqiga ega boʻldi, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari ekspertlarining ham sudlarda ishtirok etish huquqi belgilandi. Bu haqida Adliya vazirligi matbuot kotibi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, 3-avgust kuni “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilingan. Unga muvofiq, advokatlar kasbiy faoliyatini amalga oshirish davomida yana bir qancha huquqlarga ega boʻlgan.
Jumladan, iqtisodiy, fuqarolik va maʼmuriy ish yuritilayotganda ishni sud muhokamasiga tayyorlash chogʻida yoki sud muhokamasi jarayonida davlat sud-ekspertiza muassasalari va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari tomonidan shartnoma asosida ishonch bildiruvchi shaxs roziligi bilan ekspertiza oʻtkazilishini soʻrash, shuningdek, ekspertiza xulosasi ish materiallariga qoʻshib qoʻyilishini va sud tomonidan ushbu xulosa ishdagi mavjud dalillar bilan birgalikda baholanishini talab qilish huquqi.
“Advokat tomonidan tayinlanadigan sud ekspertizaning afzalligi shundaki, bunda advokat shaxsan hal etilishi lozim deb topgan savollarni ekspertlar oldiga qoʻyish va ushbu savollar asosida xulosa olish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu esa, sudda tortishuv instituti tamoyilining toʻlaqonli amalga oshirilishi orqali odil sudlovni yanada taʼminlashga asos boʻlib xizmat qiladi”, deb yozadi vazirlik masʼuli.
Shu bilan birga, qonun bilan nodavlat sud ekspertiza instituti faoliyatining huquqiy asoslari yanada mustahkamlangan, protsessual qonunchilik hujjatlarida nodavlat sud-ekspertlarining sud ish yurituvidagi ishtiroki hamda ularning vakolatini belgilash maqsadida Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi va Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodekslarga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan.
Xususan, fuqarolik, maʼmuriy va iqtisodiy sud ishlarini yuritishda ekspert sifatida nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining eksperti ham ishtirok etishi, sud hamda advokatlar davlat sud-ekspertiza muassasalari bilan bir qatorda nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga ham ekspertizalar tayinlashi mumkinligi belgilangan.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q