Senatorlar Uy-joy kodeksida korrupsiyaga moyillik borligi sabab maʼqullamadi

Saqlash
22:39 / 04.08.2022 795 0

Senatning bugun, 4-avgust kuni boʻlib oʻtayotgan yigirma toʻqqizinchi yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksi senatorlar tomonidan maʼqullanmadi. 

 

Kodeksni ishlab chiqishda jamoat ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda qurilish, rekonstruksiya qilish va buzish ishlarini amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish, jismoniy va yuridik shaxslarning uy-joydan foydalanishda qonunchilik va normativ hujjatlarga rioya etishdagi masʼuliyatini oshirish koʻzlangan.

 

Ammo muhokamalar davomida senatorlar Kodeksda ayrim normalarni qoʻllash mexanizmlari yetarlicha ochib berilmaganini taʼkidladi.

 

Jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlarining davlat uy-joy fondidagi turar joylarni yuridik shaxslarga belgilangan maqsadda foydalanish uchun ijara shartnomasi shartlari asosida berish vakolatini amalga oshirish tartibi belgilanmagan. Bu esa hokimiyat vakolatlarini suisteʼmol qilish va boshqa korrupsion holatlarga shart-sharoitlar yaratib beradi.

 

Shuningdek, Kodeksda belgilangan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan turar joylarni xususiylashtirish yoʻllari yaʼni, yakka tartibda quruvchilarning shirkatlari tomonidan uy-joy qurish hamda obligatsiyalarini olish yoʻllarini tartibga soluvchi amalda biror-bir normativ-huquqiy hujjat mavjud emasligi taʼkidlandi.

 

Bundan tashqari, mulkdorlar bilan shartnoma asosida turar joy buzilishi va uning oʻrnida yangi turar joy qurilishi mumkinligi, shartnoma notarial tartibda tasdiqlanishi va turar joyni qurish uchun zarur ruxsatnoma olinganidan keyin kuchga kirishi Kodeksda aks ettirilgan boʻlsa-da, shartnomaning qaysi turi haqida soʻz yuritilayotganligi mavhum qolgan.

 

Vaholanki mazkur masalalar shartnomaviy huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi Fuqarolik kodeksida ham oʻz aksini topmagan.

 

Shu bilan birga, qonunchilik texnikasi qoidalariga lozim darajada rioya qilinmagan. Baʼzi normalar bir-biriga zid. Qator moddalar bilan davlat organlariga diskretsion (cheklanmagan) vakolatlar berilgan hamda Kodeksda qoʻllanilgan bir qator havolaki normalar yetarli asoslarga ega emas. Oʻz navbatida, ushbu holatlar turli salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

 

Muhokama yakunida Kodeks jamiyat uchun muhim boʻlgan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishini inobatga olinib, milliy qonun hujjatlari, ilgʻor xorijiy mamlakatlar tajribasi va huquqshunos olimlar fikrlarini chuqur tahlil etilgan holda, Kodeksni takomiliga yetkazish maqsadga muvofiq deb topildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//