Turkiya Oʻzbekiston bilan soddalashtirilgan bojxona yoʻlagini tashkil etmoqchi

Saqlash
17:18 / 04.08.2022 694 0

2-avgust, seshanba kuni Toshkentda boʻlib oʻtgan Turkiya, Ozarbayjon va Oʻzbekiston oʻrtasidagi uch tomonlama yigʻilishda Turkiya savdo vaziri Mehmet Mush Turkiya Oʻzbekiston bilan soddalashtirilgan bojxona yoʻlagini tashkil etishini maʼlum qildi.

 

“Turkiya va Ozarbayjon oʻrtasida soddalashtirilgan bojxona yoʻlagini oʻrnatish boʻyicha ishlar yakuniy bosqichga yetdi va sinov dasturini ishga tushirish uchun texnik tomonlari ustida ish boshlandi”, – dedi Mehmet Mush.

 

Mushning qayd etishicha, uch mamlakat muhim birlashgan tijorat salohiyatiga ega, umumiy yalpi ichki mahsuloti qariyb 1 trillion dollar va aholi soni 130 millionga yaqin.

 

Uning soʻzlariga koʻra, Ozarbayjon va Oʻzbekiston bilan imzolangan imtiyozli savdo shartnomalari bu salohiyatni roʻyobga chiqarish muhimligidan dalolat beradi.

 

“Ushbu kelishuvlar koʻlami kengayishi bilan savdo aloqalarimiz yangi davrga kirishiga ishonaman. Bundan tashqari, bojxona postlarida byurokratik toʻsiqlarni kamaytirish boʻyicha koʻriladigan qadamlar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tovar ayirboshlashni osonlashtiradi va hajmni oshiradi”, – deydi Turkiya Savdo vaziri.

 

Shuningdek, u Ozarbayjon va Oʻzbekiston Turkiyaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdosida muhim oʻrin tutsa, Ozarbayjon va Oʻzbekistonning Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlari bilan savdosida Turkiya ham koʻprik vazifasini oʻtashini taʼkidlaydi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//