Ilm-fan
“Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” kitobining mobil ilovasini yaratish uchun 2 mlrd soʻm, lugʻati uchun 350 mln soʻm grant soʻraldi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi hayʼatining navbatdagi yigʻilishida qayd etildi.
Mazkur loyiha jamoatchilik orasida turli bahs-munozaralarga sabab boʻldi. Vazirlikning maʼlum qilishicha, Prezidentning tegishli farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobining mobil ilovasi» loyihasi ishlab chiqilgan. Loyiha rahbari: yuridik fanlar doktori, professor Saidov Akmal boʻlib, ijrochi – “Barqaror rivojlanish markazi” nodavlat-notijorat tashkiloti.
«Ushbu loyiha doirasida Koreya va Hindistonga xizmat safari qoʻyilgan. Ikki kishi borib kelishi uchun 169 million soʻm koʻzda tutilgan. Xizmat safarining maqsadi – mobil ilova yaratish boʻyicha Koreya va Hindiston tajribasini oʻrganish. Mobil ilova yaratish tajribasi borku, oʻzi! Koreyaga borib oʻrganib kelish shartmasku!
Undan tashqari, “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” kitobining mobil ilovasi taqdimoti va targʻiboti ham qayd etilgan. Ilovani Koreya va Hindistonga borib, taqdimot qilishmoqchi», deydi vazirlikning ilmiy va innovatsion faoliyatga oid dasturlarni shakllantirish va monitoring qilish boshqarmasi boshligʻi Shuhrat Otajonov.
Qayd etilishicha, ushbu loyihani amalga oshirishga 18 nafar xodim jalb qilinadi. Maosh uchun har oy oʻrtacha 66 million soʻm ajratiladi. Bir yilda umumiy hisobda 800 million soʻm oylik ish haqiga sarflanadi.
“Men yetti yil ilmiy-texnik kengashga raislik qilganman. «Supurgi bogʻlashda innovatsion texnologiyalar” deganga oʻxshash mavzularni berib, pul olish holatlari boʻlganini bilaman. Amerikaliklar esa hozir Niagara sharsharasining baliq miyasiga taʼsirini kashf qilishdi. Lekin oʻsha kashfiyotning insonga nafi tegmaydi. Shunga oʻxshash mavzu boʻlib qolmasligi kerakligini yaxshi tushunaman. Bular (loyiha yaratuvchilari) aytishyaptiki, bir yilga beshta vazifa qoʻyganmiz. Shu vazifalarga mablagʻlarni ham ajratib chiqdik. Masalan, toʻrtta narsa ming donadan chop etiladi, deb hisoblab beryapti. Sizlar bizni majbur qilyapsizlar, bu ishni bir yilga qilishga deyapti», dedi “Filologiya va ijtimoiy fanlar” yoʻnalishi boʻyicha ilmiy-texnik kengash raisi oʻrinbosari Qiyomiddin Nazarov.
Yigʻilishda Innovatsion rivojlanish vaziri bir qator eʼtirozlarini maʼlum qilgan. Unga koʻra, loyihada mobil ilovani yaratish uchun 260 million soʻm belgilangan. Va shu mablagʻga qoʻshimcha ravishda 500 million soʻm oylik maosh yetarli boʻladi. Boshqa xarajatlari esa ortiqcha.
“Prezidentning tayyor asari turgan boʻlsa, buni yozish kerakmas, unga bitta soʻz qoʻsholmaymiz… Umuman, lugʻat nega kerak?! Uni oddiy boshqa lugʻatlardan nima farqi bor?!” deydi vazir.
“Yangi Oʻzbekiston” degan lugʻat bizda yoʻq. Boʻlishi kerak, shart. Hamma har kun gapiryaptiku, agar lugʻat boʻlsa, zoʻr boʻladi. U Yangi Oʻzbekiston toʻgʻrisidagi lugʻat boʻladi», deydi “Filologiya va ijtimoiy fanlar” yoʻnalishi boʻyicha ilmiy-texnik kengash raisi oʻrinbosari.
Hayʼat yigʻilishi qizgʻin muhokamalarga boy boʻldi. Onlayn translyatsiya qilingan majlis tugamasidan blogerlar loyiha haqidagi tanqidiy fikrlarini eʼlon qila boshladi. Oʻsha paytdayoq vazirlikka turli murojaatlar ham kelib tushgani aytilmoqda. Ularda qayd etilishicha, ushbu mobil ilovani yaratish uchun 200 million soʻm ham yetarli. Boshqa bir dasturchi esa tekinga yasab berishni taklif qilgan.
Vazirlik matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, mazkur loyiha hayʼat yigʻilishida xarajatlar smetasini qayta koʻrib chiqish, vazifalarni tadqiqot maqsadlaridan kelib chiqqan holda aniqlashtirish uchun “Axborotlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish fanlari” va “Filologiya va ijtimoiy fanlar” yoʻnalishlari boʻyicha ilmiy-texnik kengashlarga va tegishli boshqarmalarga qaytarildi.
Siyosat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q