Koronavirusga qarshi ixtiyoriy vaksina olgan talabalarga imtiyoz: chegirma berish tartibi va muammolar haqida

Saqlash
16:17 / 13.10.2021 2033 0

           Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda koronavirusga qarshi emlangan talabalarga to‘lov-kontraktda chegirma berilish tartibi haqida turli xil xabarlar va muhokamalar paydo bo‘lmoqda. Bilamizki, Respublika maxsus komissiyasining qaroriga koʻra, yurtimizdagi oliygohlarda tahsil olayotgan hamda koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksina olgan talabalarga 2021–2022-oʻquv yili uchun bazaviy toʻlov-shartnoma summasiga 10 foiz chegirma belgilangan edi.

 Ba’zi ta’lim muassasalarida chegirma berish davom etayotgan bo‘lsa, ba’zilarida bundan xabarsiz yurgan talabalar, qaror tartibi hali ishlab chiqilmaganini aytayotgan ta’lim muassasalari ham yo‘q emas. COVID-19’ga qarshi ixtiyoriy emlangan talabalarga chegirma haqida aniq ma’lumot berish uchun Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy saytida ham xabar berilgan edi.

Shunga qaramay, savollar yo‘q emas. To‘lov kontrakt chegirmasi kimlar uchun berilmoqda, sirtqi va kechki ta’limdagi talabalar, super kontrakt asosida o‘qishga kirganlar ham bu imtiyozdan foydalana oladimi, chegirmadan foydalanish uchun qayerga uchrash va qanday hujjatlarni olib borish kerak kabi savollar ko‘payib bormoqda.

10 foizli chegirma kimlar uchun?

Hozirda yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan va koronavirusga qarshi vaksina olgan talabalarga bir martalik 10 foizli chegirma bonusi berilmoqda.

Ko‘pchilik talabalar 10 foizli bonusni hisoblashda ham ikkilanmoqda. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida talabalar kontraktni stipendiyasiz va stipendiyali ko‘rinishida to‘lab kelmoqda. Qarorga ko‘ra, koronavirus infeksiyasiga qarshi ixtiyoriy ravishda emlangan (ya’ni vaksina olgan) talabalarga ushbu chegirma stipendiyasiz bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorlariga qarab belgilanadi.

Bundan tashqari, nafaqat bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarida kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan, sirtqi yoki kechki ta’lim shaklida o‘qiyotgan talabalar ham bemalol 10 foizli chegirma asosida kontrakt to‘lashi mumkin. Bu imtiyoz biz uchun emas, deb ikkilanib yurgan super kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalar ham hech ikkilanmay chegirmadan foydalanishi mumkin.

Demak, imtiyoz 1-noyabrga qadar vaksina olgan quyidagi talabalarga taalluqli:

– bakalavriaturaning barcha bosqich talabalariga;

– magistratura (kilinik ordinatura)ning barcha bosqich talabalariga;

– kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shakllarida o‘qiyotgan talabalarga;

– joriy o‘quv yilida oʻqishini koʻchirib, super kontrakt asosida o‘qish istagini bildirgan talabalarga;

– joriy o‘quv yilida bakalavriaturada super kontrakt asosida o‘qish istagini bildirgan talabalarga.

Ko‘rib turganingizdek, barcha toifadagi talabalar imtiyoz bilan qamrab olingan.

Chegirmadan necha marta va qanday foydalaniladi?

To‘lov kontrakt uchun chegirma faqat bir martalik. Keyingi yillarda ushbu imtiyozdan talabalar foydalana olmaydi. Bundan tashqari, talabalar chegirma olish uchun 2021-yil 1-noyabrga qadar koronavirus infeksiyasiga qarshi ixtiyoriy ravishda emlangan bo‘lishi kerak. Ushbu muddat o‘tgandan so‘ng emlangan va vaksina olmagan talabalar esa to‘lov kontraktni chegirmasiz miqdori bo‘yicha to‘lagan bo‘lishi lozim bo‘ladi. Chegirmadan foydalanish uchun o‘quv muassasasining marketing bo‘limiga uchrashi va koronavirusga qarshi infeksiya olganini tasdiqlovchi sertifikatni olib borishi talab etiladi.

Chegirmadan foydalanishdagi muammolar

Talabalar uchun yengillik qilish maqsadidagi qarorning ijrosi afsuski barcha ta’lim muassasalarida ham birdek olib borilmayapti. Huquqshunoq Xushnudbek Xudoyberdiyevning sahifasiga kelib tushgan murojaatda Qarshi davlat universitetida ham imtiyozdan foydalanishda muammolar borligi aytib o‘tilgan.

“Koronavirusga qarshi vaksina olgan talabalarga beriladigan 10 foizli chegirma boʼyicha ham joylarda yetarlicha muammo bor. Haligacha buning tartibi tasdiqlanmadi. Yuqoridagi xabarda aytilganidek, ayrim OTMlarning mutasaddilari chegirma berilishidan bexabar ham. Bunaqa masʼullarni boshini qumga tiqib olgan tuyaqushlarga oʼxshataman. Ular hech narsadan bexabar yoki bilsa ham, “bilmadim” deb qutulgisi keladi”, deydi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

      Facebook foydalanuvchilaridan birining aytishi bo‘yicha esa Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filialida ham ana shunday muammoga duch kelish mumkin.

          Bu kabi muammolar boshqa ta’lim muassasalarida ham uchrayotgan bo‘lishi mumkin. Vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirish, talabalarni o‘z huquqlaridan foydalanishiga to‘sqinlik qilmaslik uchun esa qaror tartibini yurtimizda faoliyat yuritayotgan barcha universitetlarga yetkazish, ayniqsa, barcha viloyat oliy ta’lim muassasalarida imtiyoz haqidagi targ‘ibot ishlarini muddat tugagunga qadar olib borish lozim. Talabalar ham universitet yangiliklarini doimiy kuzatib borishlari, foydalanishlari mumkin bo‘lgan huquqlaridan bexabar qolib ketmasliklari kerak.

Zulxumor Orifjonova

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//