Baliqni kooperatsiya asosida yetishtiruvchilar barcha soliqlardan ozod qilinadi

Saqlash
14:53 / 28.07.2022 737 0

Kooperatsiya tarzida baliq yetishtiruvchilarga QQS va ijtimoiy soliqni mustasno qilgan holda imtiyoz beriladi.

 

Oʻzbekistonda baliqni kooperatsiya asosida yetishtiruvchilar barcha soliqlardan ozod qilinadi. Bu haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar berdi.

 

Maʼlum boʻlishicha, bu boʻyicha Soliq kodeksiga oʻzgartirish kiritilishini nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni qabul qilingan. Hujjatda quyidagi imtiyozlar belgilangan:

 

Chakana savdo, umumiy ovqatlanish, mehmonxona, yoʻlovchi va yuk tashish, avtotransportlarni taʼmirlash, ularga texnik xizmat koʻrsatish, kompyuter xizmatlarini, maishiy texnikani taʼmirlash, agro va veterinariya xizmatlari koʻrsatuvchi, koʻngilochar joylarda xizmat koʻrsatuvchi tadbirkorlar — 2022-yil 1-apreldan 2025-yildan 1-yanvargacha ijtimoiy soliqni 1 foiz toʻlaydi;

 

Shuningdek, 2022-yil 1-yanvardan 2027-yil 1-yanvargacha maydoni 5 ming kvadrat/metrdan koʻp savdo komplekslari va mehmonxonalar, ular egallagan yerlar boʻyicha mol-mulk va yer soligʻi boʻyicha stavkalarga nisbatan 0,1 koeffitsiyent qoʻllaniladi. Foyda soligʻini hisoblashda 2 yillik mazkur binolarning qiymatini amortizatsiya tarzida chegirib tashlanadigan xarajatlarga kiritishga ruhsat beriladi.

 

Bundan tashqari, xoʻjaliklarda baliq yetishtirishni kooperatsiya asosida yoʻlga qoʻygan soliq toʻlovchilar 2025-yil 1-yanvargacha barcha soliqlardan (QQS va ijtimoiy soliq mustasno) ozod qilinadi.

 

Charm, moʻyna xom ashyosi va junni qayta tayyorlash, qoramolni avtomatlashtirilgan tarzda soʻyish, jun, qorakoʻl va sunʼiy charmdan buyumlar, charm-attorlik mahsulotlari, poyabzal ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi soliq toʻlovchilar 2023-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvargacha foyda, aylanmadan olinadigan va mol-mulk soligʻini toʻlashdan ozod qilinadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//