Qarindosh-urugʻchilikka qarshi yangi qonun qabul qilinadi

Saqlash
21:41 / 27.07.2022 772 0

Oʻzbekistonda “Manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish toʻgʻrisida”gi yangi qonun qabul qilinishi kutilyapti. 25-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yigʻilishida mazkur qonun loyihasi muhokama qilindi. Bu haqida quyi palata Matbuot xizmati xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, koʻplab qonun hujjatlarida manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida tushunchalar berilgan boʻlsa-da, davlat organlari va muassasalarida ularni amalga oshirish hamda nazorat qilishning aniq mexanizmlari yaratilmagan. Hatto vakolatli organ ham belgilanmagan.

 

Shuningdek, bu boradagi talablarni buzganlar qonunchilikka muvofiq javobgar boʻlishi belgilangan boʻlsa-da, javobgarlik masalalari nazarda tutilmagan. Bu esa davlat tashkilotlarida korrupsiyaning yanada avj olishiga, ayrim rahbarlarning yaqinlari manfaatlarini koʻzlab, davlat va jamiyat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilishiga sabab boʻlmoqda.

 

Birgina 2021-yilda davlat xaridlari jarayonida 763 ta holatda 971,1 mlrd soʻmlik bitimlarda manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgan. 

 

“Albatta, bunday holatlarning oldini olish mumkin edi. Ammo amaldagi qonunlarimizda bunga qarshi aniq mexanizmlar boʻlmagani bois, shunday holatlar borgan sari koʻpaymoqda”, deyiladi xabarda.

 

Qayd etilishicha, qonun loyihasi 5 ta bob, 32 ta moddadan iborat. Mazkur hujjat bilan manfaatlar toʻqnashuvi tushunchasi, davlat xizmatchilarining majburiyatlari hamda uni tartibga solish boʻyicha aniq mexanizmlar nazarda tutilmoqda.

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyevga koʻra, yangi qonun bilan manfaatlar toʻqnashuvi deganda davlat tashkiloti xodimining, uning yaqin qarindoshlarining va unga aloqador shaxslarning shaxsiy manfaatlari bilan fuqarolarning, tashkilotning yoki davlatning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari oʻrtasida qarama-qarshilik yuzaga kelgan va kelayotgan (mavjud manfaatlar toʻqnashuvi) yoxud yuzaga kelishi mumkin boʻlgan (taxmin qilinayotgan manfaatlar toʻqnashuvi) vaziyat tushunilishi belgilanmoqda.

 

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.

 

“Koʻplab cheklovlar qatorida qonun bilan davlat tashkiloti xodimlariga oʻzi faoliyat yuritayotgan davlat tashkilotida oʻzining, yaqin qarindoshlari yoki unga aloqador shaxslarga taalluqli ishlarni koʻrib chiqishda vakil sifatida ishtirok etish taʼqiqlanmoqda”, deyiladi xabarda.

 

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilingan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//