Madaniyat
“Himoya belgilangan kuni institut zalida taniqli olimlar ishtirokida o‘tdi. Qizig‘i, ozarboyjon, arman, gurji olimlaridan taqrizlar kelgani holda, Toshkentdan bitta ham taqriz berilmadi. Kim bilsin, bu ham o‘zbekchilikmidi yo endigina 24 bahorni qarshilagan Suyimaning bu kabi tez himoyaga chiqayotgani ba’zi birovlarning g‘ashini keltirganmidi, har holda, o‘zga millat olimlaridan farqli ravishda “o‘zimiznikilar” bu ishga e’tibor bilan qarashni lozim topishmadi”. XX asr matnshunosligi, navoiyshunosligida salmoqli iz qoldirgan Suyima Gʻaniyevaning hayot va ijod yo‘liga bag‘ishlangan “Igna bilan qazilgan quduq” maqolasining to‘liq matni bilan “Ma’naviy hayot” jurnalining 2022-yil 2-sonida tanishing.
“Pulni kissalariga solib oldi. Keyin o‘ylanib qoldi. Menga qarab “Jo‘ra, sendan iltimos, meni qo‘limdan ot”, dedi. “Seni otib men ham o‘laymi”, deb urishdim. Biroz turib yana menga “Sening oyog‘ingdan otaman, sen mening qo‘limdan ot”, deb qoldi. Achchig‘im keldi. Ko‘kragiga miltiqni to‘g‘rilab, hozir otib tashlab, komandirga xabar qilaman, deb qo‘rqitdim. Shundan keyin indamay, olib kelgan nonidan yeya boshladi”. Ikkinchi jahon urishi qatnashchisinig “Hayot va o‘lim chegarasida” o‘tgan kunlari haqida o‘qing.
“Chumoli bir juft uzun mo‘ylovi bilan yer chizib hid olib boradi. Uyasidan ma’lum masofa uzoqlashgach, o‘zi yurgan yo‘lda qolgan hid bo‘ylab manzilini topib keladi. Ayrim vaqtlari qandaydir sabab bilan avval o‘zi o‘tgan joyga duch keladi va shu tariqa doira bo‘ylab aylanishni boshlaydi. Bu aylanma harakat baxtli hodisa tufayligina omadli yakun topishi mumkin. Aks holda, muqarrar o‘lim kutadi. Shu bois olimlar bu hodisaga “ajal tegirmoni” deb nom bergan... Baxtsiz doiraga tushib qolgan va boshqa chumolilarni bir-biriga qiyos etib fikr yuritgan kishi “Xudo yo‘ldan urmasin” degan tilakning naqadar teran ma’no kasb etishini anglaydi”. Mangu timsollar ruknida e’lon qilingan “Yo‘l” maqolasida “yo‘ldan urdi”, “yo‘li keng”, “xudo to‘g‘ri yo‘lga soldi” kabi iboralar zamiridagi hikmat xususida mulohaza yuritiladi.
Jurnal sahifalarida yana “Moʻjiza ichidagi moʻjiza”, “Kelajakdan kelgan bolalar”, “Sahnaga qaytgan Manguberdi” kabi maqolalarni o‘qishingiz mumkin. Shuningdek, “Qaysi zamon muhim? Yoxud Navoiy ulug‘lagan “bir turk” kim”ligi, “Oriflik guvohnomasi”, “Ich-ichidan yo‘lbars o‘kirib, sirtdan mayin jilmaygan ayol”, “Dunyo kezgan so‘zlarimiz”, “Nozik savollarga qaltis javoblar” haqida so‘z boradi.
Nashrning mazkur soniga Lev Tolstoyning ushbu ogohlantirishi xulosa yasagan: “Shunday qilib, avvallari oqilona bilimlar menga yagona narsa bo‘lib tuyulardi, endi esa muqarrar tarzda shuni e’tirof etishga majbur bo‘ldimki, hozir hayot kechirayotgan jamiki insoniyatda yana boshqa allaqanday bilim bor. Bu g‘ayrishuuriy bilim – iymon. Shu iymon yashashga imkon beradi”. “Ma’naviy hayot” bilan “yashashga imkon”laringizni tiniqlashtirib boring.
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q