Buxoroda Ismoil Somoniy maqbarasining 3D nusxasi yaratiladi

Saqlash
16:10 / 11.10.2021 2583 0

Buxoroning eski shahar qismida 864-868-yillarda qurilgan va Somoniylar davri (IX-X asr) meʼmorchiligining nodir namunalaridan biri bo‘lgan Ismoil Somoniy maqbarasining 3D nusxasi yaratiladi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, Ismoil Somoniy maqbarasining “Digital Twin”, 3D-texnologiyalari va geografik maʼlumotlar yordamida birga-bir raqamli nusxasini (egizagini) yaratish va “Google maps” tizimiga biriktirish ishlari Koreya Respublikasi axborot texnologiyalarini rivojlantirish milliy agentligining umumiy qiymati 150 ming AQSH dollari bo‘lgan grand loyihasi asosida amalga oshiriladi.

Sharqning meʼmoriy durdonasi nomi bilan mashhur maqbaraning interyeri uch pog‘onali, to‘rtlik – to‘rt qavat devor, sakkizlik – devordan tomga o‘tish qismi va tom ko‘rinishidagi gumbazdan iborat bo‘lib, bir xonali kvadrat shaklida qurilgan. Maqbaraning dizayni jimjima g‘ishtin bezaklari chiviqli to‘siq yoki qamish, bo‘yra to‘qimasini eslatadi. Usti gumbaz bilan qoplangan. To‘rtta burchagi ustunsimon shaklda ishlangan va gumbazi atrofiga 4 ta qubba o‘rnatilgan. Biroq, qurilishida oddiygina pishgan g‘isht, tosh va yog‘ochdan foydalanilgan maqbaraning kechalari o‘zidan nur taratib turishi butun dunyoni hayratga solgan va qiziqishiga sabab bo‘lgan.

Maqbaraning “egizagi”ni yaratish maqsadida Buxoroga Janubiy Koreyaning “New Layer Co., Ltd”, “EGIS Co., Ltd”, “J-TOD Co.,Ltd”, kompaniyalari va “LX” korporatsiyasi vakillari Lee Kwang Se, Kang Seokchan, Park Choondong, Dongho Lee, Lim Seong Ha, Kim Jeungsoo, Jung Inhyelardan iborat delegatsiya vakillari kelishdi hamda loyihaning maqsad va mazmuni bilan mutaxassislarni yaqindan tanishtirishdi. O‘z o‘rnida viloyat masʼullari tomonidan maqbaraning raqamli nusxasi yaratiladigan obyektlarda tungi yoritish tizimini ham yo‘lga qo‘yish takliflari bildirildi.

Hozirgi kunda atrofi bog‘ga aylantirilgan inshoot so‘nggi yillarda shaharsozlik, madaniy meros, arxeologiya sohalarida keng qo‘llanilayotgan “Digital Twin”, “D-Twin” (raqamli egizak) texnologiyasi yordamida maqbaraning “egizagi” modellashtiriladi hamda u 3D-platformasida o‘z ko‘rinishini yanada jozibali namoyon eta boshlaydi.

Mutaxassislarning aytishicha, mazkur loyiha amalga oshirilgandan so‘ng, erishilgan tajriba asosida Xiva, Samarqand va Shahrisabz shaharlarining tarixiy qismlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi qalʼalar, arxeologik topilmalarning ham 3D nusxalari yaratila boshlanadi.

Maʼlumot o‘rnida: 1997 yilda Buxoro shahrining 2500 yilligi munosabati bilan Ismoil Somoniy maqbarasi qayta taʼmirdan chiqqan va YUNESKO tashkilotining Butunjahon yodgorliklari ro‘yxatiga kiritilgan. 1993 yilda esa “Butunjahon madaniy meroslari ro‘yxati”ga ham olingan.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//