Sport
O’zbekistonda milliy sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirish hukumat tomonidan ilgari surilgan muhim tashabbuslardan biri va nomoddiy madaniy merosni asrash, shuningdek, aholi orasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish va ommalashtirish sohasidagi asosiy masalalardan biridir.
Poytaxtimizdagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida “O‘zbekistonda etnosportning rivojlanish istiqbollari” mavzusida bo’lib o’tkan xalqaro konferensiyada bu haqda batafsil to’xtalib o’tildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5924-sonli Farmoniga muvofiq, bir nechta ixtisoslashtirilgan muassasalar vakillari, shu jumladan Jangchi-polvonlar milliy markazi, O‘zbekiston uloq-ko‘pkari federatsiyasi, O‘zbekiston kamar va uchkurash uyushmasi, Kamondan otish milliy federatsiyasi va Belbog‘li kurash sport federatsiyasi o‘rtasida mamlakatimizda Milliy etnosport uyushmasini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov va Butunjahon etnosport konfederatsiyasi raisi janob Nejmeddin Bilol Erdog‘an ishtirokidagi xalqaro konferensiyada, shuningdek, ushbu tashkilotlar rahbarlari ishtirokida O‘zbekiston Milliy etnosport uyushmasini tuzish va tashkil etish to‘g‘risida rasmiy kelishuv imzolandi va uning yangi rahbari tanishtirildi.
- Xalq o‘yinlari qadimdan davlatchilik shakllanishi, jamoani birlashtirish va himoya qilishda ham yuksak ahamiyat kasb etgan. Bugungi kunda, ular shaxsni jismonan sog‘lom, qat’iyatli, sabr-matonatli, hozirjavob va ma’naviy yetuk bo‘lib kamol topishiga xizmat qilmoqda. Bir xalqning tarixi ming yillar davomida shakllangani uning moddiy va madaniy boyliklarida, etnografiyasida aks etadi. Xalq o‘yinlarimizning rang-baranglig va soniga qarab, o‘zbek xalqining O‘rxun-Enasoy bitiklaridan ham keksaroq ekanidan dalolatdir, - dedi xalqaro konferensiyada so‘zga chiqqan Aziz Abduhakimov.
O‘zbek xalqi ko‘p asrlar davomida Kurash, Belbog‘li kurash, Uloq-ko‘pkari, Turon, Boyqo‘rg‘on kabi O‘zbekiston milliy sportining asoschilariga aylangan kurashchi-polvonlari hamda afsonaviy chavandozlari bilan mashhur bo‘lgan. Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar tufayli haqli ravishda O‘zbekistonning madaniy merosi bo‘lgan milliy sportimizni dunyoga namoyish etish imkoniyati paydo bo‘ldi.
2020-yilda “Turk dunyosi poytaxti” deb e’lon qilingan Xiva shahrida har yili Butunjahon bahodirlar o‘yinlari federatsiyasi (WSF) ko‘magida Pahlavon Mahmud nomini abadiylashtirish maqsadida “Bahodirlar o‘yinlari” xalqaro turniri o‘tkaziladi. Xalqaro turnir o‘zbek xalqining buyuk farzandi, o‘z davrida Markaziy Osiyo, Eron, Ozarbayjon, Afg‘oniston va Hindistonda mashhur kurashchi, ustoz, faylasuf va so‘fiy bo‘lgan Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlab tashkil etiladi.
Bunday tadbirlarning o‘tkazilishi, shubhasiz milliy qadriyatlarimizga asoslangan milliy sportimizni rivojlantirish, O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati va imkoniyatlarini jahon miqyosida targ‘ib qilish borasida xalqaro hamkorlikni kengaytirishga yordam beradi.
Tadbir doirasida Butunjahon etnosport konfederatsiyasi, uning raisi janob Nejmeddin Bilol Erdog‘an va yangi tashkil etilgan O‘zbekiston milliy etnosport uyushmasining yangi rahbari Oybek Norinbayev ishtirokida hamkorlik memorandumi ham imzolandi.
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q