Mirmuhsin yashagan xonadonga yodgorlik lavhi o‘rnatildi

Saqlash
16:03 / 09.10.2021 1599 0

Kecha, 8-oktabr kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Mirmuhsin tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati xabar qildi.

Adib yashab, ijod etgan xonadon – Mirzo Ulug‘bek tumani, Markaz 1 dahasi, 13-uyda yodgorlik lavhi o‘rnatildi. Unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nur, yozuvchi-shoirlar va adibning oila a’zolari ishtirok etib, adib hayoti va ijodiy faoliyatini yod etdilar.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining katta tadbirlar zalida bo‘lib o‘tgan tadbirda esa adabiyotshunos olim Noʻmon Rahimjonov, filologiya fanlari nomzodi Adhambek Alimbekov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimlari Tohir Qahhor va Ortiqboy Abdullayev, tarjimon, shoirlar Shukur Qurbon va Ikrom Otamurod Mirmuhsin asarlaridagi falsafiy mushohadalar va adib ijodiy merosi haqida fikr-mulohazalar, adib bilan bog‘liq xotiralarni o‘rtoqlashdi.

Tadbir mobaynida bildirilgan fikrlar Mirmuhsin abadiyatining ko‘zgusi bo‘lib, yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//