Jamiyat
JSST maʼlumotlariga koʻra, dunyoda har yili 100 ming nafardan ortiq bola tugʻma maymoqlik bilan dunyoga keladi. Beparvolik yoki notoʻgʻri muolaja oqibatida bu holat kelgusida nogironlikka sabab boʻlishi yanada achinarlidir.
Ammo zamonaviy ilm-fan yutuqlari va innovatsion davolash usullari bu tugʻma nuqsonni kaminvaziv yoʻl bilan samarali muolaja qilish imkonini bermoqda.
Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetov yurtimizda Ponseti usulida yoʻlga qoʻyilgan yangi amaliyot hamda uning afzalliklari xususida maʼlumot berdi.
— Tugʻma maymoqlik eng koʻp uchraydigan ortopedik nuqson hisoblanadi, — deydi shifokor. — Biroq yaqin yillargacha uni davolashda qoʻllanilgan anʼanaviy usullar nafaqat yetarli natija bermagan, balki koʻp hollarda ogʻir asoratlarga ham sabab boʻlgan.
Endi esa xavotirga oʻrin yoʻq. Markazimizda bu kasallikni ilgʻor xorijiy davlatlarda qoʻllanilayotgan Ponseti usulida muolaja qilishni yoʻlga qoʻyganmiz.
Avvalo, u yuqori samara berishi va kaminvazivligi bilan ajralib turadi. Qolaversa, bemor uchun katta qiyinchilik tugʻdirmaydi va sarf-xarajatlar narxi ham ancha arzon.
Tuzalish muddati qisqa va eng muhimi, asoratsiz. Shu bilan birga, bemorni muolajadan soʻng reabilitatsiya qilishga ehtiyoj yoʻq.
Markazimiz shifokorlari bu amaliyotni uch bosqichda bajarmoqda.
Dastlabki bosqich gipslashni oʻz ichiga oladi. Unda bemorning tizzasi 90 gradus bukilgan holda butun oyoq uzunligi boʻylab gips bogʻlamlari qoʻyiladi va ular har 5-7 kunda uzluksiz almashtirib boriladi.
Navbatdagi bosqichda maymoqlikka xos asosiy nuqson — Axill payi kaltaligi bartaraf etiladi. Payni uzaytirish jarayoni terini kesmasdan, narkozsiz va choksiz amalga oshiriladi.
Bu amaliyotdan keyin bemor oyoqlariga yana 3 hafta davomida gips bogʻlami qoʻyiladi.
Soʻnggi bosqichda maymoq oyoqqa maxsus moslama – Breyslar taqiladi. Bu kasallik qaytalanishining oldini olishga xizmat qiladi.
Mazkur jarayon davomiy boʻlib, bemor dastlabki 3 oy ichida sutkaning 23 soatida mazkur moslamani taqib yurishi zarur. Keyinchalik ushbu miqdor bosqichma-bosqich kamaytirib boriladi.
Quvonarlisi, bu yangilik minglab bemorlarning uzoq yillik darddan ogʻir operatsiyalar hamda jarohatu asoratlarsiz xalos boʻlib, sogʻlom hayotga qaytishiga imkoniyat yaratmoqda.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q